2018 yil 24 dekabrda qabul qilingan «Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaroriga muvofiq hududiy ichki ishlar organlarida Jamoat xavfsizligini rag‘batlantirish jamg‘armalari tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha undirilgan jarima mablag‘lari Jamoat xavfsizligini rag‘batlantirish jamg‘armalarini shakllantirish manbalaridan biri etib belgilandi.

Shunga ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari quyidagilar uchun sarflanadi:

biriktirilgan hududda jinoyatlar darajasi pasaygan, ularni oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlari o‘z vaqtida ko‘rilgan hollarda fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari, profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari hamda «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining alohida o‘rnak ko‘rsatgan a’zolarini moddiy rag‘batlantirish;

jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda amaliy yordam ko‘rsatgan fuqarolarni bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash, qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash.