UMS kompaniyasi hukumat mobil aloqasini joriy etish, davlat elektron xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumotlarni qayta ishlash markazini rivojlantirish yuzasidan ish boshlaydi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Sobir Aripov «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturiga ma’lum qildi.

UMS platformasida davlat sektori uchun yagona milliy loyiha boshqaruvi axborot tizimi, UzChat messenjeri va blokcheyn texnologiyasi tashkil etiladi. Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan hamkorlikda 2019−2021 yillarda UMS`ni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqariladi. Hujjat O‘zbekistonda mobil aloqa va raqamli xizmatlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» bo‘ladi.

«Hukumat a’zolari va davlat organlari ishchilarini mobil aloqa bilan ta’minlash UMS kompaniyasi uchun faoliyatining yana bir strategik yo‘nalishi bo‘ladi, — dedi operator tijoriy direktori Lola Filatova. — Hukumat mobil aloqasi uchun tarif rejalari dekabr so‘ngiga qadar ishga tushiriladi, hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Hukumat tashkilotlari xodimlari unga bosqichma-bosqich ulanadi».

Hukumat mobil aloqasining o‘ziga xosliklaridan biri shundaki, faqat uning foydalanuvchilari hukumat korporativ UzChat messenjeriga ulanish imkoniyatiga ega. Mobil ilova Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ishlab chiqildi va messenjerlar sohasida birinchi innovatsion milliy ishlanma hisoblanadi, deyiladi dasturda.

U barcha zamonaviy messenjerlarda mavjud bo‘lgan ovozli va videoqo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlab, guruh bo‘lib videokonferensiya tashkil etishga imkon beradi. Konferensiyada ko‘pi bilan 256 foydalanuvchi ishtirok eta oladi. Bu onlayn rejimda videoyig‘ilishlar va konferensiyalar o‘tkazishga xizmat qiladi.

Yuboriluvchi ma’lumotlar — ovozli va videoxabarlar — kriptografik himoyalangan hamda O‘zbekiston hududida va undan tashqarida konfidensiallik to‘liq ta’minlangan, deyiladi reportajda. Dasturni kompyuterga ham o‘rnatish mumkin.

Aloqa uchun O‘zbekistondagi serverdan foydalaniladi, ma’lumotlar shifrlangan ko‘rinishda serverda saqlanib, ularni hatto messenjer adminstratori ham ko‘ra olmaydi, deyiladi ko‘rsatuvda.

UzChat messenjerining davlat xizmatchilari o‘rtasida axborot almashish tezkorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

2019 yil 1 apreldan hukumat mobil aloqasi davlat organlari va xorijdagi diplomatik missiyalar xodimlari uchun majburiy bo‘ladi. Birinchi bo‘lib undan Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki xodimlari foydalanishni boshlaydi.