Toshkentning Yashnobod tumanidagi yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan 525 ta tadbirkorlik sub’ekti mavjud bo‘lib, ayni paytda 442 ta korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda Toshkent DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

DSB tomonidan Yashnobod tumanida o‘tkazilgan seminar-treningda tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, xususan kelgusi yildan umumbelgilangan soliqlarni hisoblash hamda hisobotlarni topshirish tartiblari tushuntirildi.

Qayd etilganidek, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan 3,2 foiz miqdorida undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinmoqda. Bundan tashqari, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha stavka 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirilmoqda.

Konsepsiyaga asosan kiritilayotgan muhim o‘zgarishlardan yana biri jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12 foiz miqdoridagi yagona stavkasi joriy etilayotganidir. Bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan 8 foiz miqdoridagi sug‘urta badali to‘lovi bekor qilinadi. Shuningdek, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 12 foizgacha pasaytiriladi. Mazkur me’yorlarning amaliyotga joriy etilishi orqali mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yuki kamaytiriladi.

Tadbirda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining malakali mutaxassislari tomonidan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish tartibi ko‘rgazmali vosita hamda slaydlar yordamida tushuntirildi.

«Umumbelgilangan soliq to‘loviga o‘tayotgan tadbirkorlik sub’ektlari buxgalterlarining amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida inspeksiyamizda „Soliq servis“ DUK va Yashnobod tuman DSIning malakali xodimlaridan iborat „Maslahat xizmatlarini ko‘rsatish“ guruhi tashkil etilgan, — dedi Yashnobod tumani DSI boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ixtiyor Xo‘jayarov. — Ular tomonidan umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tayotgan soliq to‘lovchilarni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlarida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, mazkur guruhga jismoniy hamda yuridik shaxslardan bir kunda o‘rtacha 25 ta savol va murojaatlar kelib tushmoqda. Ularga o‘z vaqtida zarur javoblar taqdim qilib kelinmoqda».

Bugungi kunda poytaxt tadbirkorlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida barcha tuman davlat soliq inspeksiyalarida «Maslahat xizmatlarini ko‘rsatish» darchalari tashkil etildi. Ushbu darcha orqali tadbirkorlik sub’ektlari soliq qonunchiligiga kiritilgan va kiritilayotgan o‘zgarishlardan xabardor etib borilmoqda.

Tadbirda tadbirkorlik sub’ektlari soliq qonunchiligi bo‘yicha qo‘shimcha savollar yuzasidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71−244−54−86 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.