O‘zbekiston prezidenti 24-dekabr kuni imzolagan qonunga muvofiq, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartishlar kiritildi.

Avval xabar qilganimizdek, 2019-yil 1-yanvardan fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilinadi.

Shuning uchun 2019-yildan pensiya tayinlash uchun mehnat staji va o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashning yangi tartiblari o‘rnatiladi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqiga, shuningdek ish haqining natural qismiga:

  • 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta badallari hisoblanadigan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar;
  • 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — qonun hujjatlariga muvofiq hisoblangan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar qo‘shiladi.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasiga taalluqli bo‘lmagan shaxslarga pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarga o‘xshash pul ta’minotining barcha turlari qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shiladi.

O‘qish davrida to‘langan stipendiya pensiya so‘rab murojaat etuvchining xohishiga ko‘ra ish haqiga tenglashtiriladi.

Ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan xodimlarning (yakka tartibdagi tadbirkor va u tomonidan yollangan xodimning, dehqon xo‘jaligi va oilaviy tadbirkorlik sub’ekti a’zosining) pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqining miqdori:

2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘langan sug‘urta badallarining miqdoridan;

2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Chet elda yollanib ishlagan O‘zbekiston fuqarolarining pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqi quyidagicha aniqlanadi: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘langan sug‘urta badallarining miqdoridan, 1-yanvardan keyingi davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

O‘zgartishlar 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.