O‘zbekiston Soliq kodeksining yangi tahririni kelgusi yilning 1iyuliga qadar qabul qilish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev “Gazeta.uz"ga.

Iyunda qabul qilingan mamlakat soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida yangi kodeksning 1-yanvarda kuchga kirishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bu muddat kechiktirildi.

“O‘tishdagi murakkabliklar, soliq to‘lovchilarning juda ko‘plab savollari, manfaatlarini hisobga olib, muddat 1 iyulga qadar uzaytirildi. Tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar yarim yil arosatda qolmasliklari uchun amaldagi Soliq kodeksiga juda ko‘plab o‘zgartishlar kiritildi”, — dedi u.

Noyabrda Moliya vazirligi Soliq kodeksning Soliq kodeksi Maxsus qismi loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi. Ikki kun keyin esa prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ishlab chiqqan yangi kodeks loyihasi e’lon qilindi. Olimjon Fayziboyev Moliya vazirligi taklif qilgan loyihani “yo‘l-yo‘lakay” deb atadi.

Axadbek Haydarov.

“Hozirda Soliq islohotlari konsepsiyasi joriy etilmoqda, uni tatbiq etish jarayonida uni takomillashtirish bo‘yicha yangi g‘oyalar va takliflar vujudga kelishi mumkin. Biz Soliq kodeksini hozir tasdiqlashni istamaymiz, keyin esa implementatsiya jarayonida uni o‘zgartiramiz. Xalqaro konsultantlarimiz uni kelgusi yil joriy etishni taklif etishdi”, — deya izoh berdi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Axadbek Haydarov “Gazeta.uz"ga.

O‘zbekiston prezidenti 24 dekabr kuni amaldagi Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.