Dushanba kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Bildirsoy tog‘lari hududida uch snoubordchi halok bo‘ldi. Ularning barchasi Toshkentning bir mahallasida istiqomat qilgan, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ning Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi axborot manbasi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, guvohlar yoshlarni (ikki nafarining yoshi — 19 va 24 da) taxminan 16:00 da dor yo‘li orqali toqqa ko‘tarilayotganini ko‘rishgan. Qutqaruvchilar ularning muzlab qolgan jasadlarini 21:00 ga yaqin qor ostidan qazib olishdi.

«Qor ko‘chkisi bo‘lmagani aniq. Ular Ogohlantiruvchi belgilar bo‘lmagan taqiqlangan joylarda uchishgan. Taxminiy sabab: ular snoubordda uchayotganda toyib, qor uyumi orasiga tushib ketgan», — dedi suhbatdosh.

Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda, snoubordchilar o‘limi sabablari aniqlanmoqda.

Halok bo‘lganlarni so‘nggi bor ko‘rgan bir necha kishining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, hodisa ro‘y bergan joylar atrofida qor ko‘chkisi sodir bo‘lgan. «Biz dor yo‘lidan oxirgi marta taxminan 16:00 da uchgan vaqtimizda, «Dollar» tog‘-chang‘i trassasi uchastkasi yonida qor bor edi, ya’ni ko‘chki sodir bo‘lmagan edi, bu aniq ko‘rinib turgan edi. Men bu uch yigitni qorda ko‘rdim. Undan keyin ko‘tarilganimizda bu qor yo‘q edi», — dedi guvohlardan biri.

Yana bir guvohning qayd etishicha, yoshlar o‘tirgan yerda chegara to‘siqlari yo‘q bo‘lgan. «Ular qizil tasmalar ko‘rinishidagi chegara o‘rnatilishi lozim bo‘lgan yerda o‘tirgan edilar. Bugun u yo‘q edi», — dedi suhbatdosh.