Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Bildirsoy sport majmuasi hududida uch nafar snoubordchining o‘limiga rasman izoh berdi.

«24 dekabr kuni 16:00 larda „Bildirsoy“ sport majmuasining „Dor yo‘lagi“ hududida 3 nafar fuqaro (M.M. 1994 y.t., M.M. 1999 y.t., M.S. 1999 y.t.) snoubord sport turi bilan shug‘illanish jarayonida, ta’qiqlangan xavfli hududda harakatlanishlari natijasida qor ko‘chkisi yuzaga kelgan, oqibatda ular qor uyumlari ostida qolib vafot etganlar», — deyiladi xabarda.

FVV vakili «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda snoubordchilar pastga tushish vaqtida kichik qor ko‘chkisini keltirib chiqargan. Halok bo‘lganlarning jasadlari bir yarim metr qalinlikdagi qor ostidan topilgan. Qutqaruvchilar ularning jasadlarini 19:05 da chiqarib olgan.

Ayni vaqtda Bildirsoy hududi tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qor ko‘chkisining paydo bo‘lishiga uzoq vaqt qor yog‘ishi, kuchli qor erishi, zilzila, portlash va tog‘ yonbag‘irlarining titrashi kabilar sabab bo‘ladi.