Toshkentdagi barcha eski uylarni bezish va ular o‘rniga yangi uylar qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda shanba kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot-saylov konferensiyasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qurilish sektorining jadallik bilan rivojlanayotgani haqida so‘zlar ekan, hukumat rahbari Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari — Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Kozim To‘laganov so‘zlaridan keltirib o‘tdi.

«Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Toshkent hokimi, „Toshkentqurilish“ trestining boshlig‘i bo‘lib ishlagan Kozim To‘laganov kecha menga shunday raqamlarni ma’lum qildi: Sovet ittifoqining eng gullagan paytlarida ham Toshkentda bir yilda 1 million kv. m, O‘zbekistonda esa 5 million kv. m yangi turar-joy foydalanishga topshirilmagan ekan. Bu yil tugagani yo‘q hali, ammo biz bu ko‘rsatkichlardan oshdik», — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, prezident juma kuni shahar bo‘ylab kezarkan, eskirib ketgan uylar o‘rnida qulay ko‘pqavatli turar-joy binolari qurishni topshirgan.

«Kecha bizga prezident juda qattiq topshiriq berdi — Toshkent shahridagi barcha na kanalizatsiyasi, na boshqa sharoitlari bo‘lmagan eskirib ketgan turar-joylarni buzib, o‘rniga munosib, hamma shart-sharoitlar bo‘lgan yangi uylar quriladi. Shart-sharoitlari bo‘lsin, deganda davlat rahbari kimlarni nazarda tutdi? Ayollarni. Ya’ni uyida issiq suvi bo‘lsin, uyi issiq bo‘lsin, borib ko‘mir yoqmasin, ovqat qilaman desa qiynalib o‘choq yoqib yurmasin dedilar», — deya tushuntirish berib o‘tdi bosh vazir.

Abdulla Aripov prezident (Sergeli tumanidagi uylar qurilishini ko‘zdan kechirish vaqtida — tahr.) uy qurishda bitta kir yuvish mashinasini qo‘shish lozimligini ta’kidlab o‘tganini ma’lum qildi.

«Prezident dedilarki: „Kir yuvadigan mashinani shuning ichiga qo‘shib yuborsang bo‘lmaydimi? Ayol kishi uni sotib ololadimi yoki yo‘qmi? Eri unga olib beroladimi yoki yo‘qmi? Nima uchun siz hukumat rahbari sifatida bu haqda o‘ylamaysiz?“ Biz buni albatta bajaramiz. [Prezident] bu ayollar uchun ekanini ochiq aytmaydi. Biroq uning har bir so‘zi ortida ayollarga e’tibor turibdi», — deya ta’kidladi bosh vazir.