O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov shanba kuni bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar qo‘mitasi hisobot-saylov konferensiyasida Rossiyaning Sochi shahrida Olimpiya ob’yektlarida ishlagan 3 ming nafardan ziyod yuqori malakali ishchilar ayni vaqtda Tashkent City loyihalarida shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.

“Nima uchun ular qaytmoqda? Chunki munosib mehnat, munosib maosh taklif qilinmoqda. Hozirda Turkiyadan ham qaytishni boshlashdi. Tashkent City`dagi eng katta kranni kim boshqarayapti? O‘zimizning o‘zbek ayoli. Aniqlik va toqat bilan ishlashni talab qiluvchi ishda kim ishlay oladi? Faqat ayollar”, — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir mazkur yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Toshkentdagi kanalizatsiya va boshqa sharoitlari bo‘lmagan barcha eski uylar buzilib, ular o‘rniga barcha shart-sharoitlarga ega yangi uylar qurilishi, ular kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanishini ham ma’lum qildi.