Samarqand shahridagi 4-oilaviy poliklinikaning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Yangi binoda ishlash quvvati qariyb ikki baravarga oshib, kuniga 200 qatnov amalga oshirish mumkin. Ayni paytda 3 ta umumiy amaliyot shifokorlari (UASH), «Ayollar maslahatxonasi», tor soha mutaxassislari, funksional diagnostika bo‘limlari hamda laboratoriya mavjud.

«Ma’ruf servis qurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlariga davlat byudjetidan 3 milliard 610 million so‘m mablag‘ sarflandi. Muassasaning tibbiy uskunalar bilan ta’minlash va jihozlash uchun 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Natijada muassasa EKG, EXO, UZI, biokimyoviy analizator, sentrifuga, oftalmoskop, otoskop, 2 ta yangi stomatologik jamlanma kabi zarur tibbiy vositalar bilan ta’minlandi.

Joriy yilning o‘zida viloyatda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi asosida 17 ta zamon talablariga mos davolash-profilaktika muassasalari foydalanishga topshirildi. Ushbu muassasalarning qurilishi, zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlanishi va jihozlanishi uchun davlat byudjetidan 12 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni jarayonda Investitsiya dasturi asosida Samarqand shahrida 5 ta davolash-profilaktika muassasalari qurildi va bunyodkorlik ishlari olib borildi.