OROL ARVOHI
Jurnalist Nikita Makarenko va fotosuratchi Elyor Ne'matov O'zbekistondagi eng sirli joy — Vozrojdeniye orolidagi Aralsk-7 arvoh-shahrida bo'ldi.

Foto-, video- va audiomaterillardan «Gazeta.uz» tahririyati ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.

Sahifani monitorda tomosha qilish tavsiya etiladi. Suratlarni to'liq hajmda ko'rish uchun ustiga bosing.
Orol dengizi bugun Orolqum sahrosiga aylangan. Sobiq Vozrojdeniye oroli esa uning qumlarida xuddi haqiqiy Uchar Golland kabi suzmoqda. Sahroning tashlandiq va hech kimga keraksiz kemasi. Uning bag'rida Aralsk-7 — O'zbekistondagi yagona arvoh-shahar bor. O'tmishda qolgan saltanatning cho'ldagi g'arib bir bo'lagi.
Orolbo'yi — O'zbekistonning eng ajoyib va, ayni damda, unchalik ham qadrlanmaydigan hududlaridan biri. Hamyurtlarimiz bu joylarga kamdan-kam safar qilishadi. Bekor shunday qilishadi. Ustyurt platosi va Orolqum sahrosining fantastik manzaralari, dengiz va plyajlardan tashqari bu yerda ko'plab noyob jonivor va yovvoyi o'simliklarni uchratish mumkin. Hech qanday internet yo'q. Odamlar juda-juda kam.
Аральский Призрак
Vozrojdeniye oroli asrlar davomida sayg'oqlarning ulkan podalariga tegishli edi. Ularning tinchini XX asrning 40-yillarida sohilga qadam qo'ygan askarlar buzdi. Sovet hukumati bu yerda harbiy qism, tadqiqot markazi va yopiq Aralsk-7 shahrini tashkil etishga qaror qildi. Vozrojdeniye oroli maxfiy hududga aylandi.
1960—1980-yillarda Aralsk-7da hayot qaynagan. Bu yerda mingdan ortiq aholi ishlagan. Aksariyati — laboratoriyalarda. Kechalari uch qavatli standart sovet "dom"larida televizor ko'rishgan, klub va do'konlarga qatnashgan, "Jigulyovskoye" pivosini ichib, hammom qabul qilishgan. FHDYolarda to'ylar o'tkazilgan, bolalar maktab va bog'chalarda yugurib yurgan. Orolda bir juft fuqarolik avtomobillari ham bo'lgan.
Qachonlardir dengiz shundoqqina askarlar kazarmasi poyida mavjlanib turardi. Biroq harbiy xizmatchi Dmitriy Istomin kelgan vaqtda dengiz ortga chekinib ulgurgandi. U Orol dengizida faqat bir marta cho'milgan. Dengiz o'zining sof va shaffof suvi bilan uning yodida qolgan.
Hozir Aralsk-7da sobiq oshxonada sochilib yotgan temir krujkalardan-da qimmatliroq narsa qolmagan.

Bugun bu o'lik shahar kishi qalbini dahshatga soladigan ovozlarga to'la, xolos. Kuchli shamollar taxta tunukalar va shifer bo'laklarini silkitadi. Xuddi ortingdan kimdir yurib, seni muntazam kuzatayotgandek tuyuladi. Lekin bu sarob. Bu yerda hech kim yo'q. Aholi Aralsk-7ni 1992-yili shoshilinch ravishda tark etgan va shundan beri qaytgan emas. Harbiylar, olimlar va ularning oilalari Boris Yelsinning buyrug'iga asosan evakuatsiya qilingan. Hamma narsa tashlab ketilgan: buyumlar, hujjatlar, idish-tovoqlar, avtomobillar va hatto ikkita tank va BMP ham — zirhli texnikani har ehtimolga qarshi yoqib yuborishgan.
SSSR vaqtlari oddiy odamning Vozrojdeniye oroliga borishi imkonsiz edi. Hozir ham bunday qilish yaramaydi. O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi va «Gazeta.uz» nashri bu joylarga safar qilishdan tiyilishni tavsiya etadi. Sobiq harbiy baza o'z bag'rida qanday sir-sanoat va xavf-xatarlarni saqlab yotganini kim ham bilardi deysiz?
Orolga mahalliy brakonyerlar xavf solmoqda. Brakonyerlardan eng ko'p yoqimtoy sayg'oqlar jabr ko'rgan — hozirgi vaqtga kelib ular amalda qirilib bitgan. Ushbu noyob va beozor jonivorning shoxi ayrim mamlakatlarda tibbiyot tomonidan tan olinmagan davolovchi vosita sifatida qadrlanadi.
Hududning takrorlanmas faunasini saqlab qolish maqsadida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orolbo'yi hududida transchegaraviy muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar (MQTH) zonasini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ekologlar ushbu g'oyani qo'llab-quvvatlamoqda.
"2011-yilgicha Vozrojdeniye orolida sayg'oqlarning barqaror, izolyatsiyalangan populyatsiyasi bor edi. Kamida 200 bosh. 2016-yilda biz orolda ularni ko'rmadik, faqat yakkam-dukkam izlar topildi. To'plangan ma'lumotlar sayg'oqlar ortidan brakonyerlik ovlari uyushtirilganini yaqqol ko'rsatib turibdi. MQTHning tashkil etilishi — juda muhim. Besh yillik sokinlik, suvloqlar tashkil etish bilan populyatsiyani qayta tiklash mumkin. MQTH nafaqat orolning nozik tabiatini saqlab qolish, balki odamlar uchun ish o'rinlari yaratish imkonini ham beradi", — deb hisoblaydi Sayg'oqni saqlab qolish bo'yicha alyans ijrochi kotibi Yelena Bikova.
Yelenaning fikricha, Vozrojdeniye orolida nafaqat sayg'oqlar populyatsiyasini qayta tiklash, balki qulon kabi jonivorlarni ham ko'paytirish kerak. Orol shunisi bilan ham e'tiborga molikki, uzoq muddatli izolyatsiyadan so'ng bu yerda O'zbekistonning hech bir hududida uchramaydigan ajoyib landshaft, takrorlanmas flora va fauna majmualari shakllangan.
Zukkova fondi xodimi Rustam Murzaxonov Orolqum sahrosining ekotizimi juda mo'rt va uni asrab-avaylash lozim, deb hisoblaydi:

"Orol dengizining sobiq orollari ekologik jihatdan unikal. Biz bu yerda qanday qilib dengizning o'rnini sahro egallaganini o'rganishimiz mumkin. MQTH maqomi yangi ekotizimni saqlab qolish va falokat oqibatlari bilan tabiat qanday qilib o'zi kurashayotganini o'rganishga yordam beradi".
Sovuq urush davrining metin kemasi bo'lgan bu arvoh shahar bugun hech kimga zarar yetkaza olmaydi. Endi uni odamlardan himoya qilish kerak. Vozrojdeniye oroli o'z nomini oqlab, jonivorlar va o'simliklarga yangi hayot ulashishi kerak.


Foto va video: Elyor Ne'matov
Matn: Nikita Makarenko
Video matni va musiqasi: Nikita Makarenko
Montaj: Nikita Makarenko va Elyor Ne'matov
Sahifalash va dizayn: Elyor Ne'matov

Foto-, video- va audiomaterillardan "Gazeta.uz" tahririyati ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.


Materialni tayyorlashda ko'mak ko'rsatdi:

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi

Sayg'oqni saqlab qolish bo'yicha alyans

Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbuslar (KADI)