NUKUSLIK MUALLIM
O'zbekiston Qahramoni, xalq o'qituvchisi Allaniyaz Uteniyazov Nukusdagi o'nlab binolarni o'z qo'li bilan qurgan.

Haqiqiy Muallimning xotirasi u tuhfa etgan maktablar, bolalar bog'chalari va shifoxonalarda barhayot.



Foto-, video- va auditomateriallardan «Gazeta.uz» tahririyati ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.

Monitorda tomosha qilish tavsiya etiladi. Fotosuratlarni to'liq hajmda ko'rish uchun ustiga bosing.
"Balki dam olarsan, Allaniyaz? Yoshlar ham ishlasin", — deydi rafiqasi Rasbeke.

"Meni dam olishga chaqirishingga hali erta, — deya hazillashadi Allaniyaz Uteniyazov. – Huv anavi qishloqda tibbiyot punkti cho'kib qolibdi. Shuni ham qilib olay, hordiq haqida keyin o'ylab ko'ramiz".
"Komsomolets Uzbekistana" gazetasi muxbiri 1988-yili Muallimni uchratgan vaqtida u shunday — kuchga to'lgan edi. O'shanda Allaniyaz Uteniyazov 52 yoshda edi. Shu yoshida allaqachon haqiqiy xalq qahramoniga aylanib ulgurgandi. Talabalik yillaridan to o'limiga qadar u o'zidan boshqalarning farovonligi uchun mehnat qildi. Muallim bolalarga, yetimlarga, qariyalar, nogironlarga va shunchaki bechora odamlarga yordam qo'lini uzatdi.
QURUVCHI
Allaniyaz Uteniyazov aynan qancha bino qurgani haqida aniq ma'lumotlar yo'q. O'zbekiston Milliy ensiklopediyasida 40 ta turar joy, 2 ta maktab, 2 ta bolalar bog'chasi, 2 ta shifoxona va bitta kutubxona deb yozilgan. Boshqa manbalarda esa 42 ta turar joy va shaxsan Allaniyaz Uteniyazovning o'zi tomonidan yotqizilgan 860 mingdan ortiq g'isht haqida so'z boradi. Eski sovet gazetalari bolalar uyi, maktab klubi va ishlab chiqarish ustaxonalari haqida ham xabar beradi.
Guvohlarning aytishicha, u aslida qancha bino qurganu, qanchadan qancha yaxshilik qilgan — sanab sanog'iga yetib bo'lmaydi. Allaniyaz Uteniyazov unga murojaat qilgan hammaga yordam berishga harakat qilgan. "U har doim insonni tushunishga harakat qilardi. Uning muammolari haqida u bilan birga qayg'urardi. U juda taqvodor, kamtar inson edi va hech qachon o'zini ko'z-ko'z qilmasdi", — deydi Muallimni shaxsan tanigan Kudaybergen Naurizbayev.
"Kombayn-odam" — aqlbovar qilmas darajadagi mehnatkashligi bois, Nukus tumani aholisi uni shunday ta'riflardi. Qoraqalpoq pedagogika instituti chet tillar fakultetida o'tgan talabalik yillarida uning laqabi Universal edi. O'sha vaqtlarda mashhur bo'lgan traktor modeli sharafiga shunday atashgan edi uni.

Allaniyaz ta'til vaqtida nimalar bilan shug'ullanishini kursdoshlari xayoliga ham keltira olmasdi. Birinchi kursdan so'ng u o'zining qadrdon ovulida keksa Qurbonniyozovlar uchun uy qurib bergan. Tekinga. Bu u qurgan ilk uy edi. Uy uchun kerakli bir necha ming g'ishtni u o'zi quygandi.
Institutni tamomlagach, Allaniyaz o'z qishlog'iga qaytdi — o'sha vaqtda qishloq "Nukus" sovxozining bir bo'limi edi, hozir esa Qoraqalpog'iston poytaxtining bir qismiga aylangan. Va 40 yil davomida bitta maktabda dars berdi. Bo'sh vaqtida, dam olish kunlari va yozda esa o'z o'lkasidagi odamlar uchun binolar qurdi.
MUALLIM
Allaniyaz Uteniyazovning otasi 1943-yili Kursk yoyidagi jangda halok bo'lgan. U o'limi oldidan oilasiga yo'llagan maktubida shunday so'zlar bor edi: "Aytishlaricha, ko'plab bolalarni bizning O'zbekistonga evakuatsiya qilishayotgan ekan. Agar bizning qishloqqa ham olib kelishsa, joy beringlar..."
Allaniyaz o'z otasining nasihatini bajardi. U nafaqat hayotini bolalar tarbiyasiga bag'ishladi, balki yetimlarni ham uyiga olib keldi. Urushdan keyin yetimlar shu qadar ko'p ediki, Muallim ular uchun bolalar uyi qurishga qaror qildi. Lekin unga bu ham kamdek ko'rindi. Paxta dalasida ishlab topgan pullariga bolalar uchun mebel va sovg'alar sotib oldi.

"Bu bolakaylarning ko'ziga qarash men uchun har doim og'ir. Ostonada paydo bo'lishing bilan, gur etib oldingga yugurib kelishadi, quchoqlab olishadi", — degandi u 1988-yilda bergan intervyularining birida.

Nukusdagi 8-sonli maktabga — Allaniyaz Uteniyazov bir umr ishlagan ta'lim muassasasiga kiramiz. Bu — maktabning yangi, 1986-yilda qurilgan binosi. Uning devorlarida — Muallimning portretlari, partalarida esa — Muallimning yaqinda nishonlangan 80 yillik yubileyi munosabati bilan o'quvchilar tomonidan yozilgan insholar. Allaniyaz bu yerda butun faoliyati davomida Qoraqalpog'iston bolalariga ingliz tilidan dars bergan. Bugun esa shu maktabda uning qizi ingliz tili o'qituvchisi.
"U juda mehribon inson edi. Bu uning chehrasida ham aks etgan. Yaxshi, halol pedagog edi. Bolalar bilan juda muloyim edi. Koyirdi, lekin hech qachon urmasdi, albatta. Bolalar ham uni juda, xuddi otasidek yaxshi ko'rardi", — deydi Allaniyaz Uteniyazov bilan birga ishlash baxtiga musharraf bo'lgan maktab direktori Aklima Saipova.

Aklimaning xotirlashicha, Allaniyaz ingliz tilida juda yaxshi gapirardi, biroq hech qachon xorijda bo'lmagan: "U qadrdon o'lkasini tark etishni xohlamasdi. Faqat bir marta, 2001-yili Farg'onadagi sanatoriyda bo'lib qaytgan".

Umidsizlikka tushib qolgan barcha-barcha, uning rad etmasligini, yo'q demasligini bilib, Allaniyaz Uteniyazovga yordam so'rab murojaat qilardi. Uning ish stoli iltimoslar bitilgan xatlarga to'la edi. Aytbay Ismatullayev Chernobil falokati oqibatlarini bartaraf etishda salomatligini yo'qotgan. Muallim unga uch xonali uy qurib bergan. Yana bir uy — Nukus tumanining Jdanov nomli sovxozida yashaydigan, urushda besh farzandi va erini yo'qotgan kampir uchun. Bu Muallim qilgan yaxshi ishlarning faqat ma'lum bo'lganlari, xolos.
Ko'jan-ovulda maktab yo'qligi uchun, qishloq bolalari Nukusdagi maktabga yetib olish uchun juda uzoq masofani piyoda bosib o'tishga majbur edi. Allaniyaz Uteniyazov bu muammodan xabar topib, ovul uchun maktab qurib bergandi. Biz bu maktabni borib ko'rdik. Hozir uning yonida mustaqillik yillarida qad rostlagan zamonaviy bino bor. Biroq Muallim qurgan kichik, tor bino hozir ham partalar bilan to'la. U ham o'z o'quvchilarini kutmoqda.
Allaniyaz Uteniyazovning o'z vataniga bo'lgan muhabbati haqiqatan ham chek-chegara bilmasdi. 1999-yili, 63 yoshida o'z sovxozidan uncha uzoq bo'lmagan joyda o'z qo'li bilan bog' barpo etdi. Juda katta — salkam 25 ta futbol maydoniga teng bog'. Muallim bu yerga o'rik, olma va olxo'ri ko'chatlarini o'tqazib chiqdi. Keyinchalik mevalarini kam ta'minlangan oilalar va bolalar uylariga tarqatish uchun.


"2001-yili qurg'oqchilik bo'ldi. Allaniyaz har bir daraxtni sug'orish uchun o'zi chelakda suv tashidi", — deydi guvohlar. Hozirda bog'ni Uteniyazovning oilasi parvarishlayapti. Hasharga o'quvchi va talabalar kelishadi. Bu Muallimning bog'i ekanini hamma biladi. Undagi daraxtlarni sindirish yoki mevalarini o'g'irlashga hech kimning haddi sig'maydi.
INSON
Bir inson, o'rni kelsa, yuzlab odamlar eplay olmaydigan ishni bajarishga muvaffaq bo'lgan. Biroq hech kim buyuk Muallimdan namuna olmadi. Bu holat hayotligidayoq uni qayg'uga solardi. "Allaniyazning ishiga biror safdosh, izdosh chiqmadi. Allaniyaz Uteniyazovichning dilini aynan shu holat xira qilardi", — deb kuyinib yozgandi 1988-yili Muallim bilan uchrashgan "Komsomolets Uzbekistana" gazetasi muxbiri.
Muxbir bilan uchrashuvdan uch yil avval esa Allaniyaz Uteniyazov dardini Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi Tulepbergen Qaipbergenovga ochgandi: "Odamlar nafaqat bo'y-basti bilan, balki, kechirasizu, bag'rining kengligi bilan bir-biridan farq qiladi. Insoniy burchni har kim o'zicha tushunadi. Yozgi ta'til arafasida men pedagogik kengash oldida chiqish qilib, uchinchi brigada haqida gapirdim. U yerda birorta ham tibbiyot punkti, bolalar bog'chasi yo'qligi, zudlik bilan qurish zarurligi, kimda imkon bo'lsa, kelib yordam berishini aytdim. O'qituvchilar bir-biriga qarab, ko'zlarini olib qochishdi... Oxiri hech kim kelmadi ham".
Muallim Yozuvchiga shunday degandi: "Yozda ishlab tursang, yoningdan direksiyadanmi yo kasaba uyushmasidanmi kimdir o'tib qolardi, to'xtab hol-ahvol ham so'ramasdi. Mabodo kelsa ham, aql o'rgatardi: "Bu ishlarning senga nima keragi bor?", deb. Nima emish, davlatning o'zi eplab olarmish! Qo'shilaman, davlat eplaydi. Lekin davlatning nazari ham birdaniga hammaga yetmaydi. Ehtimol, davlatning ko'magini pishiq-puxtaroq va tutgan joyini qo'yvormaydiganlar olib ketayotgandir. Mana, bizda bir urush nogironi bor edi, uy masalasida rosa yurdi. Bormagan joyi qolmadi — tuman ijroqo'miga chiqdi, tuman rahbarining o'ziga ham chiqdi, hatto respublika Oliy kengashiga ham murojaat qildi — hammasi va'da ketidan va'da berdi. Mening oldimga ham keldi u. Unga uy qurib berdim".
1992-yili Allaniyaz Uteniyazovga "O'zbekiston xalq o'qituvchisi" unvoni berildi. 1995-yili "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlandi. 2001-yili, vafotidan besh yil avval esa, mamlakatning eng oliy mukofoti — "O'zbekiston Qahramoni" unvoni bilan taqdirlandi.
Materialda "Komsomolets Uzbekistana" gazetasida e'lon qilingan "Nukuslik Don Kixot" ("Дон Кихота из Нукуса", 1988) maqolasi, Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi Tulepbergen Qaipbergenovning "Ezgulikning yuzi" (1985) maqolasi ma'lumotlari va rejissor To'reniyaz Kalimbetovning "Shunday inson bor" ("O'zbekkino", 2002) nomli filmi kardlaridan foydalanildi.
«Gazeta.uz» ushbu materialni tayyorlashda ko'rsatgan yordami va Allayoniz Uteniyazov xotirasini saqlab qolishdagi xizmatlari uchun Kudaybergen Naurizbayev va Aklima Soipovaga minnatdorlik bildiradi.
Foto va video: Elyor Ne'matov
Matn: Nikita Makarenko
Sahifalash va dizayn: Elyor Ne'matov

Video montaji: Nikita Makarenko va Elyor Ne'matov
Videodagi matn: Nikita Makarenko
Musiqadagi video: "Wave", United Taklif Band (O'zbekiston)

Foto-, video- va auditomaterillardan «Gazeta.uz» tahririyati ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.