Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi (VKP) O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni «Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun» Faxriy oltin nishoni bilan taqdirladi. Bu haqdagi qaror 24 dekabr kuni Toshkentda VKP Ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishida bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi, deya xabar berdi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, davlat rahbari «O‘zbekiston Respublikasi mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, umummilliy miqyosda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, O‘zbekiston kasaba uyushmalari nufuzini oshirish borasidagi ulkan hissasi uchun» taqdirlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasini VKP a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Bu haqdagi taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Bugungi kunda kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasiga Rossiya, Belorus, Ozarbayjon, Armaniston, Moldova, Gruziya, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlarining kasaba uyushmalari markazlari, shuningdek, 26 ta xalqaro tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalari a’zo hisoblanadi.

Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida davlatlararo miqyosda keng tan olingan xalqaro tashkilot hisoblanadi, MDH qatnashchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega, MDHning Iqtisodiy kengashi, shuningdek, boshqa davlatlararo organlari ishida faol qatnashib keladi. Shu bilan birga BMTning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi, unga Yevropa bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi, BMT jamoat bilan aloqalar Departamentining nodavlat tashkilotlari Qo‘mitasi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashida maslahatchi maqomiga ega.