«Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan poytaxt aeroportida tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga doir bir qator bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Bu haqda «Toshkent-AERO» IBK matbuot xizmati xabar berdi.

Istanbulga serqatnov bo‘lib qolgan fuqaro A.Z. ro‘moli ostidan sochiga taqilgan rezinka ichiga 200 gr. og‘irlikdagi tilladan yasalgan zargarlik buyumlarini yashirgan ekan. Ularning taxminiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra salkam 50 mln. so‘mni tashkil etmoqda.

«Boku-Toshkent» reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan chet el fuqarolaridan biri V.G. yashil yo‘lak orqali harakatlanayotib, bu bilan yonida cheklangan me’yorlardan ortiqcha tovarlari yo‘qligini ma’lum qiladi. Ammo, uning bezovtalanishi bojxonachilarni ushbu shaxsni sinchiklab ko‘zdan kechirishga undadi.

Natijada, unga tegishli bagajda bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan salkam 152 gr. og‘irlikdagi olmoslar bilan bezatilgan tilla taqinchoqlar yashirilganligi fosh bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 30 mln. so‘mdan oshar ekan.

Ayni shu reys bilan uchib kelgan yana bir chet el fuqarosi A.A. ham yashil yo‘lak orqali qiymati 16.4 mln. so‘mlik 82 gr. og‘irlikdagi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan tilla buyumlarini olib kirishga uringani fosh qilindi.

Hindistondan uchib kelgan poytaxtlik fuqaro U.G. esa belgilangan normalardan ortiqcha bo‘lgan 181 gr. og‘irlikdagi kumushdan ishlangan taqinchoqlarni olib kirayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 79 ta bojxona qonunbuzilish holatlarida qiymati salkam 2 mlrd. so‘mlik 19,4 kg. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining havo yo‘llari orqali noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslarga qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan 65 gr.gacha og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, ayrim shaxslar tomonidan hanuzgacha ushbu me’yorlarni buzishga bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlanmoqda.