«Samarqand» xalqaro aeroportiga «Sheremetevo-Samarqand» yo‘nalishi bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.J. «qizil» yo‘lak orqali bojxona nazorati zonasidan o‘tish vaqtida uning o‘zini tutishi bojxonachilar e’tiborini tortadi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bojxona xodimlari xolislar ishtirokida fuqaro M.J.ga tegishli bagaj va qo‘l yuklarini ko‘zdan kechirishadi. Natijada qo‘l sumkadan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish me’yoridan ortiqcha bo‘lgan qiymati 20 million so‘mga yaqin, umumiy og‘irligi 73,67 gramm zargarlik buyumlari borligi aniqlandi. Aniqlangan holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat sudda ko‘rib chiqildi. Sud fuqaro M.J.ga nisbatan jazo tayinlashda, uning qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlari mavjud emas deb e’tirof etib, tegishli qaror chiqardi.

Sud qaroriga ko‘ra fuqaro M.J. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 22722-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga nisbatan MJtKning 33-moddasi qo‘llanilib, eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Shu bilan birga 20 million so‘mga yaqin zargarlik buyumlari tegishli tartibda davlat foydasiga musodara qilindi.

Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Samarqand viloyati bojxonachilari tomonidan 3 kg.dan ortiq tilla buyumlari to‘xtatib qolingan.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga ko‘ra jismoniy shaxslar tomonidan 65 gr.gacha og‘irlikdagi qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etilgan.