O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014−2018-yillardagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari sarhisob qilindi. Bu haqda qo‘mitasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi va oilaviy ajrimlar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“O‘tgan ikki yil davomida oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalasiga alohida e’tibor berildi. Bu borada ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Adliya vazirligi tizimida bo‘lgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idoralari tuman yoki shahar hokimi o‘rinbosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga bo‘ysundirildi. Natijada, ular tomonidan nafaqat nikoh munosabatlariga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, balki oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ham faol ish olib borishi belgilandi.

Oilaviy ajrimlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga sudga yoki FHDYO organlariga ajrashish uchun ariza bergan shaxslar to‘g‘risida mahalla fuqarolar yig‘inlarini habardor qilish bo‘yicha alohida norma kiritildi. Ajrim oqibatida uy-joysiz qolib ketayotgan ayollar va ularning farzandlarini manfaatlarini himoya qilish maqsadida Uy-joy kodeksining 32-moddasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘rnatilgan tartibda qonun loyihasi kiritildi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi belgilab qo‘yildi.

Oliy sud bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida Memorandum imzolanib, ajrashishga arizaga berganlarning dastlab Xotin-qizlar qo‘mitasida suhbatdan o‘tkazish va ajrim yuzasidan xulosasini olish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida joriy yilning o‘zida 27 mingta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 78 foizi yarashtirildi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari bilan Xotin-qizlar qo‘mitalarining mahallalardagi mutaxassislari hamkorligida muddati o‘tgan (1 yildan oshgan) 7 mingga yaqin tug‘ilganlik, 800 tadan ortiq o‘lim guvohnomalari rasmiylashtirilib, fuqarolarga topshirildi.

Shuningdek, 23 ming 120 ta nikohini qonuniy rasmiylashtirilmagan oilalar aniqlanib, ularning 67 foizini nikohi qonuniy rasmiylashtirildi. Ammo, oilalarni mustahkamlash, oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar ajrimlarning oldini olishda yetarli samara bermayapti. Jumladan, oilaviy ajrimlar bo‘yicha tahlillar ko‘rsatmoqdagi 2014−2017 yillar davomida ajrimlar soni har yili o‘rtacha 3−4 foizga ortib borgan, birgina joriy yilning 11 oyi davomida ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 taga oshgan. Natijada esa joriy yilning o‘zida 22 ming nafardan ortiq voyaga yetmagan bolalar otasining yoki bo‘lmasa onaning mehridan mahrum bo‘lgan.

Ta’lim muassasalari bilan jamoatchilik vakillarining hamkorligi samarali tashkil etilmaganligi oqibatida nikoh yoshini qisqartirish holatlari qayd etilmoqda. Masalan,2015−2018 yillar davomida jami 36 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan. Oilaviy ajrimlarning 50−60 foizi oilaviy kelishmovchilik, qolgani farzandsizlik, uzoq muddat bir oila bo‘lib yashamaslik, xiyonat, ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘yish sababli kelib chiqmoqda", — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

Tanzila Norboyeva shuningdek yoshlarni hayotga tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilinmaganini bildirdi. “Biz bugungi kunda qayd etilgan salbiy holatlarning asosan oqibati bilan ishlab qolyapmiz. Oldini olish borasida yoshlar bilan ishlash, ularni hayotga tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilinmayapti. Mamlakatimizda bola tug‘ilishidan to oilaviy munosabatga kirishishgacha bo‘lgan davrda ularning ta’lim-tarbiyasi bilan ishlaydigan mustahkam tizim yaratilgan.

Ya’ni, tibbiyot xodimlari tug‘ilgandan sog‘ligi borasida qayg‘ursa, bog‘cha, maktab, kollej, oliy ta’lim muassasalari mahalla bilan birga, ularning bilim va tarbiya olishiga hamda kasb egallashiga ko‘maklashadi. Lekin, yoshlarni hayotga tayyorlashda ushbu tizimlar bilan jamoatchilik o‘rtasida uzviy hamkorlik, yagona yondashuv tizimi yo‘q. Shu sababli, mazkur yo‘nalishda, birinchi navbatda, barchamiz birlashgan holda yoshlarni hayotga tayyorlash bo‘yicha yagona Konsepsiyani ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilishimiz zarur.

Ikkinchidan, oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida ham manzilli ishlashimiz shart. Bunda, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni aniqlab olish va ularning muammolarini keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda hal qilishimiz kerak.

Uchinchidan, “Oila” markazi bilan hamkorlikda FHDYO organlariga turmush qurish uchun ariza bergan yoshlarni oilaviy munosabatlarga tayyorlash borasida qisqa o‘quvlar tashkil etishimiz, shuningdek ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda yoshlarni hayotga tayyorlash ishlarini tashkil etishimiz lozim.

To‘rtinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Oila” markazi bilan hamkorlikda nikohdan o‘tuvchi yoshlarni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlashimiz va xotin-qizlar o‘rtasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, skrining tekshiruvlarining afzalliklarini targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur bo‘ladi".