O‘zbekiston 2019 yilning birinchi yoki ikkinchi choragida o‘z tarixida ilk bor yevroobligatsiyalarni chiqaradi, deya xabar qildi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ahadbek Haydarov. 500 mln dollarlik yevroobligatsiyalar 5−10 yil muddatga chiqariladi.

Yevroobligatsiya — emitent xorijiy valyutadagi uzoq muddatli qimmatli qog‘oz. Yevrobondlar uzoq muddatga — 1 yildan 40 yilgacha muddatda pul mablag‘larini olishdan manfaatdor bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, yirik korporatsiyalar tomonidan chiqariladi. Muayyan muddatdan keyin qayta sotib olinishi kerak. Nomida «yevro» so‘zi qo‘shilgan bo‘lsa ham (bunday qimmatli qog‘ozlar ilk bor Yevropada paydo bo‘lgan), bugungi kunda ular turli bozorlarda turli valyutalarda chiqariladi.

Iyulda O‘zbekistonning suveren kredit reytingini olish va suveren obligatsiyalarni emissiya qilish uchun moliyaviy konsultant sifatida JP Morgan Chase moliya xoldingi tanlangan edi. Shundan so‘ng unga Deutsche Bank, Citibank va «Gazprombank» ham qo‘shildi, dedi Ahadbek Haydarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yili boshida O‘zbekiston Osiyo, Yevropa va AQSHda deal roadshow (salohiyatli investorlar va tahlilchilar uchun taqdimotlar va uchrashuvlar) o‘tkazadi.

«Singapurda non-deal roadshow — shartnomalarsiz taqdimot — o‘tkazildi. Biz salohiyatli xaridorlarimizga axborotlarni taqdim etib ulgurdik», — dedi u.

Vazirning birinchi o‘rinbosari yevrobondlarning joylashtirilishi bozordagi vaziyatga bog‘liq ekanini qayd etdi. U AQSH Federal zaxira tizimi 18−19 noyabrdagi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha bazaviy foiz stavkasini 0,25 foiz punkti miqdorida oshirib, yillik 2,25 dan 2,5 foizga yetkazganiga e’tibor qaratdi. Amerika fond bozorlari asosiy indekslarning kamaytirilishiga munosabat bildirdi.

«Biz vaziyatning qanday rivojlanishiga qaraymiz. Agar u biz uchun qulayroq bo‘lsa, chiqarishni boshlaymiz», — dedi Ahadbek Haydarov.

Joriy haftada O‘zbekiston ilk bor Fitch va Standard & Poor’s xalqaro reyting agentliklarining barqaror prognozli «BB-» darajali suveren reytingiga ega bo‘ldi. Yil so‘ngiga qadar Moody’s ham o‘z bahosini berishi kutilmoqda.

«Har qanday investor birinchi navbatda reytingga qaraydi. Bu mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy vaziyatga berilgan mustaqil baho bo‘lib, investorga pul kiritishni rejalashtirayotgan bozordagi iqtisodiy holatni mustaqil ravishda o‘rganishiga hojat qoldirmaydi. Shuning uchun be reytinglar biz uchun juda zarur», — dedi Ahadbek Haydarov.