Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi bo‘limi direktori Klaudia Steyn boshchiligida JSSTdelegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Unda «2018— 2020 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakilligi o‘rtasidagi ikki yillik hamkorlik kelishuvi» doirasida sog‘liqni saqlash axborot tizimi va ma’lumotlarni boshqarish uchun xalqaro standartlardan foydalanish bo‘yicha texnik ko‘maklashuv amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

JSST delegatsiyasi shu yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash axborot tizimini majmuaviy baholash o‘tkazilishi natijasi bo‘yicha turli davlat organlari va xalqaro moliyaviy institutlar, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Joriy yilning noyabr oyida esa ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab bilan Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tgandi. Natijada, JSST ekspertlari hamkorligida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha loyiha tayyorlandi. Unda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va milliy sog‘liqni saqlash axborot tizimini takomillashtirish, elektron sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yaxshilash uchun 2018−2020 yillarga mo‘ljallangan aniq tadbirlar aks etgan.

Mazmunli muloqot davomida sog‘liqni saqlash axborot tizimini rivojlantirish «yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish, kadrlar salohiyatini monitoring qilish, baholash, o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish, xalqaro ekspertlarni jalb etib, soha mutaxassislari uchun treninglar o‘tkazish, elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga grantlar ajratish masalalari hal etildi.

Uchrashuvda JSST O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish doirasida sohaga doir ma’lumotlarni boshqarish jarayoniga grantlar ajratilib, tibbiyotimizda elektron tizimni tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlar boshlab yuborilgani e’tirof etildi.