O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qaroriga ko‘ra, o‘zida 2019-yilda kapital qo‘yilmalarning asosiy parametrlari, 2019-yilda ijtimoiy, uy-joy, muhandislik va transport infratuzilmasi ob’ektlarini ishga tushirish prognozi hamda 2019-yilda obyektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Mazkur dastur doirasida jami 112 trln 251 mlrd so‘mlik kapital kiritilishi, xususan shundan ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga 4 trln 43 mlrd so‘m, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 1 trln 101 mlrd so‘m, avtomobil yo‘llari uchun 1 trln 961 mlrd so‘m, yerlarning meliorativ ahvolini yaxshilashga 353 mlrd so‘m va Orolbo‘yi hududini rivojlanishiga 243 mlrd so‘m kapital kiritilishi hamda 34 trln 213 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri va 22 trln 278 mlrd so‘mlik davlat kafolati asosidagi xorijiy investitsiya va kreditlar ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, qaror bilan alohida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, 2019-yilda obyektlar qurish va ularni rekonstruksiya qilish manzilli dasturi hamda markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan 14 va markazlashtirilmagan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan 2 ta manzilli dasturlar ham tasdiqlandi.

Shu bilan birga, qarorga asosan quyidagi ro‘yxatlar ma’qullandi:

2019-yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlashni jadallashtirish talab etiladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati;

2019-yilda ko‘rib chiqiladigan istiqbolli investitsiya va infratuzilma tarmoq loyihalari ro‘yxati;

2019-yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan hamda tasdiqlanadigan, qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilayotgan ob’ektlar ro‘yxati;

2019-yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilayotgan ijtimoiy soha ob’ektlari ro‘yxati.

Qurilish hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonlariga tegishli vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.