O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014−2018 yillardagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari sarhisob qilindi. Bu haqda qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi. U o‘z nutqida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikni olish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Sizlarga ma’lumki, dalat rahbari tomonidan bugungi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va bu borada jamoat tashkilotlari tomonidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu sababli, Xotin-qizlar qo‘mitalarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida manzilli ishlash tizimi joriy etildi.

Bunda, xotin-qizlar o‘rtasidagi salbiy holatlarni keltirib chiqarayotgan sabablarni o‘rganish va ularni bartaraf etishga hamda xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarni hal qilishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatilib, jamoatchilik vakillarining jinoyatchilik va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish borasidagi mas’uliyati hamda shaxsiy javobgarligi oshirildi.

Mahallalar kesimida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga moyilligi bo‘lgan 62 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning aniq ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga murabbiylar biriktirildi. Olib borilgan profilaktik ishlar natijasida respublika bo‘yicha xotin-qizlar jinoyatchiligi mos ravishda 2016 yilda 5 foizga, 2017 yilda 11 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda 35,7 foizga kamayishiga erishildi. Turli ekstremistik oqimlar a’zolari bo‘lgan ayollarni sog‘lom hayotga qaytarish borasida olib borilgan ishlar natijasida 3 ming nafardan ziyod ayollar maxsus ro‘yxatdan chiqarildi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud jarayonlarida qo‘mita vakillarining ishtirokini ta’minlash tizimi joriy etilishi natijasida, 2018 yilda 113 nafar jinoyat va 780 nafar huquqbuzarlik sodir etgan xotin-qizlar kafillik asosida jazodan ozod etildi.

Oila turmush darajasidagi jinoyatlarni keskin kamaytirish maqsadida 9 ming 437 ta notinch oilalar bilan profilaktik ishlar olib borilib, ularning 72 foizida notinchlik bartaraf etildi. Ammo, Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar hali yetarli natija bermayapti. Jumladan, respublika bo‘yicha xotin-qizlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligi borasidagi ko‘rsatkichlar kamaygan bo‘lishiga qaramasdan, hamon yuqoriligicha saqlanib qolmoqda", — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ayollar qo‘l urayotgan jinoyatlar va ularning viloyatlar kesimidagi holatiga e’tibor qaratdi. «Xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 16 foizini firibgarlik, 14 foizini iqtisodiy jinoyatlar va 11,4 foizini o‘g‘irlik jinoyatlari tashkil etadi. Biz o‘tgan davr davomida turli sohalar ishlayotgan xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan yetarli hamkorlik o‘rnatmadik.

Bu esa ayrim tarmoqlarda firibgarlik, iqtisodiy jinoyatlarning oshishiga olib keldi.

Birgina, Qashqadaryo viloyati misolda aytadigan bo‘lsak, qayd etilgan iqtisodiy jinoyatlarni 30 foizi maktabgacha ta’limi, 20 foizi xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan.

Xotin-qizlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan og‘ir turdagi jinoyatlarning sodir etilishi holatlariga barham berilmayapti, bu turdagi jinoyatlar Toshkent, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida yildan-yilga oshib bormoqda. Noqonuniy diniy faoliyat bilan shug‘ullanganligi uchun respublika ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan xotin-qizlar joriy yilda 37,4 foizga kamaygan bo‘lsada, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida oshgan.

Shuningdek, olib borilgan ishlarga qaramay oila turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobda turgan xotin-qizlar soni 2017 yilga nisbatan 9,5 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich Surxondaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Bundan ko‘rinib turibdiki xotin-qizlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligi borasidagi ishlarimizni yanada jonlantirishimiz talab etiladi. Mazkur yo‘nalishda:

Birinchidan, jinoyatchilikka moyilligi bor xotin-qizlarni doimiy ravishda aniqlab borish (bugungi kunda 61 ming 743 nafarni tashkil etadi) va ular bilan ishlashni tashkil etishimiz kerak. Ya’ni, mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislar, profilaktika inspektorlari hamda boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ularning har birini muammosini aniqlash va hal etishga hamda bandligini ta’minlashga e’tibor qaratish zarur bo‘ladi.

Ikkinchidan, jinoyat sodir etgan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan hamda avf etilgan (bugungi kunda 3 ming 961 nafarni tashkil etadi) xotin-qizlar bilan ham manzilli profilaktik ishlarni tashkil etishimiz kerak.

Uchinchidan, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida mahkumalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, xuquqiy savodxonlik sohasida tushuntirish va turli kasbga o‘qitish ishlarini tashkil etishimiz lozim.

To‘rtinchidan, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamda Respublika Mahallalar kengashi bilan hamkorlikda tarmoqlar kesimida sodir etilgan jinoyatlarni tahlil qilgan holda, idoraviy mas’uliyatni belgilash bo‘yicha hamkorlikda olib boriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqishimiz zarur", — dedi u.