Uzcard kartalari egalari endilikda NCR SelfServ 6632 bankomat modellari yordamida balansni naqd pul bilan to‘ldirishlari mumkin. Bu haqda Yagona umumrespublika protsessing markazi matbuot xizmati xabar qildi.

Avvallari so‘mdagi kartalar balansini naqd pul bilan to‘ldirish uchun bankka borish talab qilinar edi.

Mazkur modeldagi bankomatlarda cash-in va cash-out amallarini bajarishdan tashqari, naqd xorijiy valyutani xizmat ko‘rsatayotgan bank belgilagan kurs bo‘yicha so‘mga ayriboshlash mumkin. Bunda karta egasidan komissiya olinmaydi.

Hozirda Agrobank, Xalq banki, Ravnaqbank, KDB va Hi-Tech Bank banklariga tegishli bankomatlarda yuqoridagi amallarni bajarish mumkin.