Termiz shahrida Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 160 o‘ringa mo‘ljallangan 5 qavatli yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Prezident 2017 yilning 10−11 fevral kunlari Surxondaryoga tashrifi chog‘ida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi uchun qo‘shimcha binolar barpo etish va uni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, bolalar salomatligini muhofaza qilish samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shunga muvofiq, mazkur tibbiyot muassasasida bolalar urologiyasi, nefrologiya, gastroenterologiya, nevrologiya, erta yoshdagi go‘daklar patologiyasi, allergologiya bo‘limlari hamda qizlar salomatligi markazining yangi binosi qurildi.

Loyiha qiymati 17 milliard 439 million so‘mlik 5 qavatli inshootni «Prof Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari muddatidan ilgari qurib bitkazdi.

Quruvchilar bir yo‘la shifoxonaning mavjud binolarini ham tubdan ta’mirlab, atrofini obodonlashtirdi. Qo‘shimcha binolar barpo etdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov ham qatnashdi.