O‘zbekiston Respublikasi prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uch qavatli markaz qadimiy madrasalar uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qur’oni qo‘yiladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va ko‘rgazma zallari bo‘ladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni o‘z ichiga oladi.

Prezident qurilish jarayoni bilan tanishar ekan, ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta’kidladi.

— Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.