O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Steel property construction” qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bir nechta sexlardan iborat bu korxona Yashnobod tumanidagi sobiq aviatsiya zavodiga qarashli foydalanilmay yotgan binolarda ish boshlagan. Xorijdan texnologiyalar olib kelinib, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Masalan, “Dacros” korxonasi Yevropa texnologiyasi asosida temir eshiklar tayyorlashga ixtisoslashgan. Bu eshiklar ko‘p qavatli turar joylar yo‘laklari, namunaviy uylarga o‘rnatilmoqda.

Yana bir binoda Niderlandiya texnologiyasi asosida turli o‘lchamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarish tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 24 ming tonna metall mahsulotlar bilan birga sendvich panellar, bruschatkalar, yo‘l cheti to‘siqlari, isitish radiatorlari tayyorlanadi. Ichki bozordan tashqari qo‘shni mamlakatlar mahsulotning asosiy bozori hisoblanadi. Korxonada 440 ish o‘rni yaratilgan.

“Midas agrotech” korxonasida zamonaviy issiqxona majmualari uchun konstruksiyalar, shuningdek, quyosh nuridan himoyalovchi to‘rlar, plastik yashiklar, polietilen plyonka kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.

“Bektemir metall konstruksiyalari” korxonasida yo‘l to‘siqlari, yoritish ustunlari, qurilish konstruksiyalari, elektr payvandlangan quvurlar tayyorlanadi.

Davlat rahbari mazkur sexlardagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi. Mahsulotlar sifati va bozori bilan qiziqdi.

Bektemir tumanidagi “Binokor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.

Prezident mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilgan temir-beton panellardan namuna sifatida qurilgan xonalarga kirib ko‘rdi. Ko‘p qavatli uylarni tez muddatlarda qurish, aholini uy-joy bilan ta’minlash uchun bunday korxonalar juda zarurligini ta’kidladi. Shu yo‘nalishga ixtisoslashgan korxonalarni ko‘paytirish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi korxonalar tashkil etishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. 2019-yilda poytaxt Toshkentga 2 milliard 700 million dollar miqdorida investitsiya kiritilishi, bu mablag‘ sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarga yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.