O‘zbekiston prezidentining 20 dekabrdagi eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi yaratiladi.

Quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • eksportni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini takomillashtirish, eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;
  • marketing, narx shakllanishi, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq hamda bojxona ma’muriyatchiligi (shu jumladan, xorijdagi) masalalari, «yagona darcha» tamoyili asosida tashqi bozorlarga kirish sharoitlari bo‘yicha eksport qiluvchilarga va ularning chet eldagi hamkorlariga axborot va maslahat ko‘magini ko‘rsatish;
  • xorijiy xaridorni izlashga va eksport shartnomasini tuzishga qadar muzokaralar jarayoniga, shu jumladan, ularning loyihalarini tayyorlashga ko‘maklashish;
  • respublika vazirliklari va idoralari, viloyatlar hamda tuman hokimliklari bilan milliy mahsulotlarni chet elga eksport qilish, eksport qiluvchilarni eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar, mavjud imtiyozlar va preferensiyalar, vakolatli davlat organlarining vazifalari va funksiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlashda tizimli hamkorlikni ta’minlash;
  • hududlarda axborot-maslahat markazlari tarmog‘ini tashkil etish;
  • mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar bazasini ta’minlash orqali elektron tashqi savdo maydonchalarini yuritish, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlariga yetakchi xalqaro elektron tijorat maydonchalariga kirish uchun yordam ko‘rsatish;
  • ishonchli sifatli mahsulot yetkazib beruvchi sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning halolligini isbotlash uchun, shu jumladan, har yili «Made in Uzbekistan» milliy ko‘rgazmasini, tarmoq va mintaqaviy tovarlar ko‘rgazmalari va savdo yarmarkalarini o‘tkazish, xalqaro ko‘rgazmalar va taqdimotlarda ishtirok etish yo‘li orqali o‘zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda ilgari surish bo‘yicha «Made in Uzbekistan» dasturini amalga oshirish;
  • eksport qilishni boshlayotganlar uchun o‘quv seminarlari va treninglar, tadbirkorlar uchun xorijiy mamlakatlarga tashqi savdo masalalari bo‘yicha savdo missiyalari tashkil etish va o‘tkazish.

Tizim faoliyatini Tashqi savdo vazirligi (TSV) muvofiqlashtiradi.

Bundan tashqari, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida TSV huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etiladi. Agentlik faoliyati, jumladan davlat byudjetidan moliyalashtiriladi — 2019 yildan boshlab har yili Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda 15 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘ni agentlikka ajratish ko‘zda tutiladi.

Hujjatda «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasiga eksport kreditlari va operatsiyalarini sug‘urtalash vazifasi yuklandi. Sug‘urtachining uning o‘zi TSVga o‘tkazildi.

Tashqi savdo vaziri «O‘zagroeksportbank» aksiyadorlik tijorat banki Kuzatuv kengashiga raislik qiladi.

O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari qoshida savdo vakolatxonalari tashkil etiladi.