Prezident Shavkat Mirziyoyev «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmon bilan erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirishning sharti sifatida faoliyat boshlaganidan keyin ikkinchi moliyaviy yili yakunlariga ko‘ra ikki yil davomida yillik ishlab chiqarilgan mahsulotning 25 foizidan kam bo‘lmagan, keyingi yillarda 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda eksport qilish belgilandi.

Mazkur shartlar bajarilmagan taqdirda, tadbirkorlik sub’ektining erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi hamda avval taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinadi.

Erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qarorlar prezident huzuridagi Loyiha boshqaruv milliy agentligining «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi"DUKning ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda qabul qilinadi.

Markaz tomonidan erkin iqtisodiy zonalar hududida loyihalarni joylashtirish bo‘yicha investitsiya buyurtmanomalarini ko‘rab chiqish xulosa berish jarayoni bilan birga 30 kalendar kundan oshmasligi lozim.

Erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilariga berilgan bojxona imtiyozlari faqat erkin iqtisodiy zonalar hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan tadbiq etiladi.

«Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini eng yaxshi jahon tajribasiga asoslangan holda takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Farmon bilan erkin iqtisodiy zonalar direksiyalariga o‘z hududlarining bosh rejalari va arxitektura-rejalashtirish ishlarini ishlab chiqishda buyurtmachi sifatida ishtirok etish huquqi berildi.

2019 yilda erkin iqtisodiy zonalarning avtomobil yo‘llari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Shuningdek, 2019 yil 1 aprelga qadar «Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish konsepsiyasi» loyihasi ishlab chiqiladi.

2019 yil 1 martga qadar «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi, 2019 yil 1 aprelga qadar «Erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish konsepsiyasi» loyihasi ishlab chiqiladi.