O‘zbekiston Respublikasi perzidenti Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumani Bog‘iston ko‘chasida bunyod etiladigan ko‘p qavatli uylarning qurilish maydonida bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yerda 23 ta 9 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. 900 xonadondan iborat bo‘ladigan bu uylar Turkiya texnologiyasi asosida quriladi va kelgusi yili foydalanishga topshiriladi.

Hozirda uylarning poydevori quyilgan. Ular zilzilaga bardoshli qilib quriladi. Nogironlar uchun ham qulayliklarga ega bo‘ladi. Isitish va sovitish tizimi har bir xonadonda mustaqil boshqariladi.

Davlat rahbari bu uylar mustahkam va sifatli bo‘lishi, poytaxtimizdagi eng namunali joylardan biriga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Shu yerda Toshkent shahrida kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, kanallarni mukammal ta’mirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha loyihalar namoyish etildi.

Prezident poytaxtimizdagi kanallar atrofini obod saqlash, odamlar dam oladigan, bolalar cho‘miladigan so‘lim va xavfsiz hududlar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.