Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2018 yil 12 dekabrdagi buyrug‘i bilan ayrim fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiya imtihoni bekor qilinadi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Birinchidan, davlat attestatsiyasi tarkibiga kiritilgan imtihonlar ro‘yxati o‘zgartirildi. Ayrim fanlar bo‘yicha yakuniy attestatsiya imtihoni bekor qilinadi. Uning o‘rniga oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan qo‘shimcha tartibda xorijiy til bo‘yicha imtihon kiritilishi mumkin. Bundan tashqari, diplom loyihasi himoyasi joriy etiladi.

Shu tariqa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi quyidagi shaklda o‘tkazilishi mumkin:

fanlararo (umumkasbiy va ixtisoslik) yakuniy attestatsiya imtihoni;

diplom loyihasi himoyasi;

bitiruv malakaviy ish himoyasi.

Yakuniy davlat attestatsiyasining qanday shaklda o‘tkazilishi bitiruvchilarning xohishi va ta’lim xususiyatidan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasasi Kengashi qarori bilan belgilanadi.

Ikkinchidan, yakuniy attestatsiya imtihonidan o‘ta olmagan shaxslarning qayta topshirish muddati bo‘yicha cheklov olib tashlandi. Ilgari o‘qish muddati tugagandan so‘ng 3 yil ichida qayta topshirish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endi «keyingi yillarda» ana shunday imkoniyat berilishi ko‘rsatilgan.

Uchinchidan, yakuniy imtihonlarni topshirishda bitiruvchilarning mualliflikni o‘zlashtirishiga (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaydi. Bu holda qoniqarsiz baho qo‘yiladi, qo‘yilgan ijobiy baho esa bekor qilinadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan.