Jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan soliq qarzini so‘zsiz hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 62-moddasi uchinchi qismida belgilanishicha, soliq qarzini majburiy undirish choralari jismoniy shaxslarga nisbatan sud hujjatlari asosida davlat ijrochilari tomonidan qo‘llaniladi. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzini so‘zsiz undirish fuqarolarga nisbatan qo‘llanilmas edi.

Biroq iyun oyida prezident qonunchilik tashabbusi tartibida soliq organlariga fuqarolarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi schyotlaridan soliq qarzini sudsiz hisobdan chiqarish huquqini bergan edi. Hisobdan chiqariladigan eng ko‘p summa — oyiga 2 EKIH (material e’lon qilingan paytda — 405 460 so‘m).

DSQ tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda mazkur tartib-taomil tafsilotlari belgilangan.

Birinchidan, loyihada aniqlik kiritilishicha, oyiga 2 EKIH miqdoridagi limit — bitta soliq to‘lovchining barcha bank kartalari uchun umumiy. Soliq organlari har bitta kartadan 2 EKIHdan hisobdan chiqarmaydilar.

Ikkinchidan, summasi so‘zsiz tartibda undiriladigan qarz turlari ro‘yxati keltirilgan:

jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha qarz;

jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha qarz;

daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha qarz;

yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va bankda schyotlarni ochmagan fuqarolar, shuningdek banklardagi schyotlarni yopgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqlar bo‘yicha qarzi.

Uchinchidan, so‘zsiz undirilishi taqiqlangan mablag‘larning manbalari ro‘yxati belgilangan. Unda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 69-moddasida keltirilgan undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan pul summalari ro‘yxati (10 ta pozitsiya) to‘liq takrorlangan.

Biroq yana bitta band qo‘shilgan: so‘zsiz undiruv yoshga doir pensiyalar, bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqalar, shuningdek zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalarga taalluqli bo‘lmaydi.

Fuqaro o‘zining soliq qarzini yoxud uchinchi shaxslarning qarzini qoplash hisobiga hisobdan chiqarish to‘g‘risida ariza bersa, mablag‘lar kelib chiqish manbaidan qat’i nazar hisobdan chiqariladi.

To‘rtinchidan, hisobdan chiqarish tartibi belgilangan.

DSQ soliqlarni to‘lash muddati o‘tganidan keyin 3 kun ichida soliq qarzi bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatini shakllantirib, Markaziy bankka topshiradi. Ro‘yxatda jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamlari, ularning pasport ma’lumotlari, hududiy soliq organining nomi, soliqlarning nomi va soliq qarzi summasi ko‘rsatilishi kerak.

Markaziy bank 1 kun ichida JSHSHIRdan foydalangan holda jismoniy shaxsga tegishli barcha plastik kartalarni aniqlab, bank kartasidagi schyot bo‘yicha axborotni shakllantiradi va uni DSQga qaytarib yuboradi. Mazkur axborot asosida DSQ elektron inkasso topshiriqnomalarini qo‘yadi, ular MB orqali xizmat ko‘rsatuvchi banklarga tarqatiladi.

Qarzdorning plastik kartasidagi muayyan mablag‘lar summasi 10 kun muddatga blokirovka qilinadi. Loyihaga ko‘ra, blokirovka qilinadigan summalarning aniq miqdorlari va ular muzlatiladigan kartalar inkasso topshiriqnomasidagi summadan va kartochkalardagi, sh. j. valyuta kartochkalaridagi schyotlarda mavjud bo‘lgan mablag‘lardan kelib chiqib belgilanadi. Fuqaro bu haqda SMS orqali xabardor qilinadi. Qarz qoplanmasa, mablag‘lar avtomatik ravishda hisobdan chiqariladi. Qarz boshqa manbalardan qoplansa, soliq organi real vaqt rejimida uni blokirovkadan chiqaradi.

Loyihaga doir taklif: mablag‘larni hisobdan chiqarish limiti noto‘g‘ri qo‘llanilishining oldini olish maqsadida umumiy blokirovka qilinadigan summa oyiga xuddi o‘sha 2 EKIHdan oshmasligi kerakligini aniq belgilagan ma’qul.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.