III Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar bo‘lgan sportchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishlariga asosan Olimpiya shon-shuhrati muzeyida ushbu mukofotlarni egalari topshirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Paralimpiya Milliy assotsiatsiyasi raisi Ulug‘bek Mirhaydarov va boshqalar ishtirok etishdi.

Dastlab prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 2018 yil 4 dekabr kuni imzolangan «III Parosiyo o‘yinlarining g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash to‘g‘risida"gi farmoyishini o‘qib eshittirdi.

Unga ko‘ra, Paraosiyo o‘yinlari oltin medali sohiblari 5000, kumush medal sovrindorlari 3000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilar esa 2000 AQSH dollari miqdoridagi, shogirdlari oltin medalni qo‘lga kiritgan murabbiylar 2500, kumush medal 1500, bronza medalga ega chiqqan sportchilarning murabbiylari esa 1000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlandi.