Jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan soliq qarzini so‘zsiz hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinayotgani haqida avval xabar bergandik.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan interaktiv davlat xizmatlari yagona portaliga «Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaror loyihasi joylashtirilgani munosabati bilan Markaziy bank bu loyiha bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirdi. Bu haqda tashkilotning telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

Bugungi kunda, jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini ularning bank kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi bo‘yicha qonuniy va shaffof mexanizm mavjud emasligi sababli, Markaziy bank qayd etilgan hujjat loyihasini qonun hujjatlariga, xususan Fuqarolik kodeksi normalariga muvofiqligini ta’minlash lozim deb hisoblaydi.

Qanday ezgu maqsad ko‘zlangan bo‘lishidan qat’i nazar, idoraviy manfaatlar boshqa tarmoqlar yoki butun mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta’sir yetkazmasligi zarur. Markaziy bank, o‘z navbatida, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga bank siri va bank tizimiga bo‘lgan to‘laqonli ishonchni saqlab qolish zarurligiga alohida e’tibor qaratadi, deyiladi bayonotda.