Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Keles» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan katta miqdorda tovar moddiy boyliklarni qonunga xilof ravishda olib o‘tilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, postga kirib kelgan poyezdning yo‘lovchilari A.S. va R.U. umumiy qiymati salkam 40 million bo‘lgan 6480 dona qutida saqich hamda 92 mln. so‘mlik 5658 dona tibbiyot vositalarini bojxona nazoratiga taqdim etmasdan va deklaratsiyalamasdan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan o‘rindiqlar ostiga yashirib olib kelayotganliklari ma’lum bo‘ldi. Olingan daliliy ashyolarning umumiy qiymati 132 million so‘mni tashkil qildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.