Inflyatsiyani targetlashga o‘tish iqtisodiyotni demonopolizatsiya qilish va bozor narxlarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratishni taqozo etadi. Bu haqda seshanba kuni pul-kredit siyosati masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida O‘zbekiston Markaziy banki Pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroyev aytib o‘tdi.

2017 yil sentyabrda MB, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2017−2021 yillarda pul-kredit siyosatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda inflyatsiyani targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish tasdiqlangan edi.

«Inflyatsiyani targetlashga o‘tish uchun muayyan tayyorgarlik ishlarini olib borish lozim. Bu shunday rejimki, biz unga shunchaki Markaziy bank xohishi bo‘yicha o‘ta olmaymiz, chunki o‘tish uchun ichki bozordagi narxlar raqobat asosida shakllantirilishi kerak. Biz narxlarni liberallashtirishimiz, demonopolizatsiya o‘tkazish, moliya bozori, MB qurollarini rivojlantirishimiz lozim», — dedi u.

«Gazeta.uz» muxbirining inflyatsion targetlashga o‘tish oldidan qanday sohalar demonopolizatsiya qilinishi kerakligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Behzod Hamroyev butun iqtisodiyotni demonopolizatsiya qilish lozimligini ta’kidladi.

«Nafaqat biror-bir soha, balki butun iqtisodiyotni demonopolizatsiya qilish lozim. Biz qaysidir bir sohada monopoliyaga barham bersak hammasi yaxshi bo‘ladi, deb ayta olmaymiz. U qaysi sohalarda mavjud ekani, qayerda raqobatni oshirish kerakligini barcha yaxshi biladi. Biz hozirgi raqobatni saqlab qolishimiz va uni barcha sohalarda yaxshilashimiz kerak», — deya qayd etdi MB departamenti direktori.

Birinchi navbatda iste’mol korzinkasiga kiruvchi tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish sohasida demonopolizatsiya o‘tkazilishi lozim. «Ularning importi masalasini hal etish lozim. Tovarlar xorijdan tashilar ekan, barcha uchun yagona va shaffof tizim ishlashi kerak. Gaz, elektr energiyasi, suv narxlari ham bozor tamoyillaridan kelib chiqib shakllantirilishi lozim», — dedi u.

Inflyatsiyani targetlashga o‘tishda ikkinchi zarur element, bu — moliya bozorini rivojlantirish. «Bizdagi hozirgi vaziyat qanday? 28 ta bank bor, agar kimgadir investitsiya uchun pul kerak bo‘lsa ularga murojaat qiladi. Bu yagona manba. Yoki qandaydir davlat dasturiga tushib qolishni kutish kerak. Vaholanki bozor iqtisodiyotida boshqa instrumentlar ham bor. Kapital, qimmatli qog‘ozlar bozorlari ham uzoq muddatli investitsiyalar manbasi bo‘lishi mumkin», — dedi Behzod Hamroyev.

Markaziy bank 2019 yilning to‘rtinchi choragida inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tish jarayonida pul-kredit siyosatining asosiy indikatori sifatida minimal foiz stavkasi va foizli koridorni joriy etishni rejalashtirmoqda. Hozirda MB qayta moliyalash stavkasi asosiy indikator vazifasini bajarmoqda.

«Bu shunday ishlaydi. Agarda minimal foiz stavkasi, masalan, 16 foiz bo‘lsa, koridor — plyus-minus ikki, ya’ni 14% dan 18% gacha bo‘ladi. Banklararo bozordagi operatsiyalar foizlari minimal foiz stavkasiga yaqin bo‘lishi kerak», — deya tushuntirdi u.

Minimal foiz stavkasi, bu — banklarga taqdim etiluvchi haftalik qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha Markaziy bank foizlari kattaligini belgilab beruvchi ko‘rsatkich. Qayta moliyalash stavkasi MB operatsiyalari bo‘yicha stavkalarning eng yuqori chegarasini ko‘rsatgan bersa, minimal foiz stavkasi narxlar mavjud bo‘lgan koridorni aniqlab beradi. MB

«Inflyatsiya tahlili va prognozlash boshqarmasi boshlig‘i Rustam Muhammadaliyev joriy inflyatsiyani «ko‘p omilli» deb atadi.

«Avvallari inflyatsiya asosan kurs hisobiga ko‘ra harakatga kelgan. Kurs doimo inflyatsiyani oshirgan. Kuchli bog‘liqlik bor edi. Hozirda inflyatsiya ko‘p omilli bo‘ldi. Yaqin yillarda narxlar korrektirovkasi inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatadi. Bu energotashuvchilar — gaz, elektr energiyasining boshqariluvchi narxlarining liberallashtirilayotgani yaxshi inflyatsiya, zarur chora ekanini anglatadi. Bizning energotashuvchilarga qo‘yilgan narxlarimiz mintaqaviy darajadan — Qozog‘iston va Qirg‘iziston narxlaridan past. Va biz ularni ko‘tarishimiz kerak. Bu vaqtda bizning narxlarimiz ko‘tariladi. Chidashga to‘g‘ri keladi, buning yomon tomoni yo‘q. Bu bir martalik inflyatsiya, muayyan darajada ko‘tarilganidan so‘ng u tushishni boshlaydi», — dedi u.