«Taraqqiyot strategiyasi» markazida «2018 yilda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vozifalar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

— Elektr energiya ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, agar uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul, — deydi «O‘zbekenergo» aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. — Misol uchun, bugun aholi farovonligi oshayotganligi sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Ba’zida ulardan foydalanib bo‘lgach, tokdan uzib qo‘yilmaydi. Garchi, ular o‘chirilgan bo‘lsa-da, tok liniyasiga ulangan holda tursa, elektr energiya iste’mol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o‘rtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat energiya sarflaydi. Shu bois xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislarning elektr energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida o‘tkazgan o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, hozirda O‘zbekistondagi har bir xonadonda bir yilda o‘rtacha 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 1,8 milliard kVt. soatga aylanadi.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, ushbu tejalgan energiya bilan aholisi o‘rtacha bo‘lgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash mumkin.

— Elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib ulush qo‘shish mumkin. Misol uchun, 1 kVt.soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,6 kilogramm ko‘mir chiqindisi, 0,12 metr kub is gazi chiqadi, — deydi «O‘zbekenergo» aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. — Demak, har bir iste’molchi xonadonida elektr energiyadan oqilona foydalansa, ham tabiiy ne’matlarni tejashga, ham atrof-muhit musaffoligiga o‘z ulushini qo‘shgan bo‘ladi.