Toshkentda O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan davlat rahbarining joriy yil 12 dekabrdagi «Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyatini o‘rganish va uning samarali ijro etilishini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirda qarorning tadbirkorlik sub’ektlarini rivojlantirishdagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, endilikda Milliy o‘lchash etalonlari va milliy metrologiya institutlari tomonidan beriladigan kalibrlash va o‘lchash sertifikatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuvni (CIPM MRA) imzolagan mamlakatlarning kalibrlash sertifikatlari mamlakatimizda ham hech qanday istisnolarsiz tan olinadi. Shuningdek, sifat menejmenti tizimlarini joriy etgan va milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalardan foydalanadigan tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan mamlakatimizda ishlab chiqariladigan mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlash huquqi berilmoqda.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari tugatilib, «O‘zstandart» agentligi qoshida departament tashkil etiladi.

Yangi departament texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunbuzilishlarining oldini olish va profilaktika qilish, tadbirkorlik sub’ektlariga har tomonlama yordam ko‘rsatishga mas’ul etib belgilandi. Texnik reglamentlar, standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi, o‘lchov birliklari yagonaligi va ishonchliligini ta’minlash, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari talablari bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish ham Agentlik huzurida tashkil etilayotgan departamentning asosiy vazifalaridan biridir.

Davra suhbatida qaror O‘zLiDeP elektorati bo‘lgan tadbirkorlar uchun ham qator imtiyoz va imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi. Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o‘lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda, uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) to‘laqonli a’zolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari taqdim etilganda, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim xomashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinadi.