Endilikda O‘zbekiston hududida har bir insonga vafot etganidan keyin uni dafn etish uchun joyning tekin berilishi rasman kafolatlanadi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Shaxs xorijiy davlat hududida vafot etgan taqdirda, vafot etgan shaxsning uning jasadini yoki xokini O‘zbekiston hududida dafn etish to‘g‘risidagi xohish-irodasini bajarish, shaxsga o‘lim haqidagi guvohnomani, jasadni olib ketish uchun ruxsatnomani, yo‘l hujjatlarini, shu jumladan davlat chegaralarini kesib o‘tishga doir hujjatlarini olishga ko‘maklashish qismida kafolatlanadi.

O‘zbekiston fuqarosi yoki O‘zbekistonning yo‘l hujjatiga ega fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekistondan tashqarida vafot etganda, o‘limni ro‘yxatga olish konsullik okrugi hududida marhum yashagan yoki o‘lim yuz bergan mamlakatda joylashgan konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Havo yoki dengiz kemasida yuz bergan o‘limni ro‘yxatga olish havo kemasi qo‘nadigan yoki dengiz kemasi keladigan mamlakat konsullik okrugiga kiradigan konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Konsullik tomonidan o‘lim to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirish konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan amalga oshiriladi.

Fuqaroning o‘limi to‘g‘risidagi ariza qarindoshlari, yaqinlari va boshqa shaxslar tomonidan uch sutkadan kechikmay taqdim etiladi.

O‘limni qayd etish uchun konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

xorijiy tibbiy xulosa yoki o‘lim haqidagi guvohnoma;

pasport, yo‘l hujjati yoki vafot etganning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, yoxud ularning nusxasi;

16 yoshgacha vafot etgan shaxslar uchun — pasport, yo‘l hujjati yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma.

Vafot etgan shaxsning jasadini yoki xokini O‘zbekistonga transportda tashish uchun konsullik muassasasiga quyidagilar taqdim etiladi:

xorijiy vakolatli organlarning jasadni yoki xokini transportda tashish va mamlakatdan olib chiqish bo‘yicha ruxsatnomasi;

yo‘l-transport hodisasi (YTH) yoki huquqbuzarlik oqibatida o‘lim yuz berganda — voqea joyida tuzilgan bayonnoma yoki xulosa;

yuqumli kasallik mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida ma’lumotnoma;

transportda tashish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar (mavjud bo‘lsa).

Taqdim etiladigan barcha chet el hujjatlari o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilingan va konsul muhri bilan shahodatlangan bo‘lishi lozim.

Dafn byurosi jasadni transportda tashish bo‘yicha barcha zarur tadbirlarni amalga oshiradi, shu jumladan jasadni sanitariya-gigiyena jihatidan tayyorlaydi shuningdek imkoni bo‘lsa, zarur diniy marosimlarni o‘tkazadi.

Hayotlik chog‘idagi xohishiga yoki vasiyatnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vafot etgan chet el fuqarolarini olib kelish va O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘mishga ruxsat beriladi.

Odatda, ular sobiq vatandoshlar, O‘zbekiston Respublikasi bilan tarixiy qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lgan boshqa shaxslar bo‘lishi mumkin.