Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda katta miqdordagi uyali telefon apparatlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqaro M.X. boshqaruvidagi «Neksiya-2» rusumli avtomashina kuzatuvga olinib, poytaxtdagi savdo majmualaridan birining avtoturargohida to‘xtaganida avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan jami 361 dona yangi uyali telefon apparatlari borligi aniqlandi.Yuk egasi bo‘lgan fuqaro M.X. dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati salkam 567 mln. so‘mni tashkil etgan ushbu uyali telefon apparatlariga tegishli hech qanday hujjatlarni taqdim eta olmadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.