Jahon banki Direktorlar kengashi 18 dekabr kuni O‘zbekistonning uchta shahrida munitsipal xizmatlar ko‘rsatish darajasi va shahar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan «O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasini tasdiqladi, deya xabar qildi bankning Toshkentdagi vakolatxonasi. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 100 mln AQSH dollari miqdorida kredit taqdim etiladi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Morining so‘zlariga ko‘ra, loyiha Buxoro, Toshkent va Namangan viloyatlaridagi o‘rtacha shaharlarda hayot darajasini yaxshilash hamda hukumatning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga yordamlashadi.

JBning qayd etishicha, O‘zbekistonda 50−100 ming kishilik o‘rtacha shaharlar iqtisodiy rivojlanish va yirik shaharlar ehtiyojlariga xizmat qilish uchun baza rolini bajaradi. Mamlakatning 40 foizdan ziyod shahar aholisi aholisi 100 mingdan kamroq bo‘lgan shaharlarda yashaydi.

Loyiha Kogon (Buxoro viloyati), Chortoq (Namangan viloyati) va Yangiyo‘l (Toshkent viloyati) shaharlarida shahar infratuzilmasi, umumiy foydalanishdagi maskanlari va munitsipal xizmatlarni rivojlantirishga turtki beradi. Ushbu shaharlar aholisi 165 ming kishini tashkil etadi.

Loyiha markaziy va mahalliy organlarning shahar xo‘jaligini boshqarish, shahar infratuzilmalari, aholiga munitsipal xizmatlar taqdim etish, shahar transport tizimini rivojlantirish, barqaror turizm va xususiy sektor bilan hamkorlik sohalaridagi institutsional salohiyatini mustahkamlaydi.

Tajriba shaharlarida loyihani amalga oshirishda to‘plangan tajribalardan O‘zbekistonning o‘rtacha shaharlarini rivojlantirish Milliy dasturini ishlab chiqishda foydalaniladi.