Avval O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi lavozimida ishlagan Badriddin Nurutdinovich Abidov O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha tashqi savdo vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

U Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti va Toshkent davlat jahon tillari pedagogika institutini tamomlagan. Shuningdek, London universiteti diplomatik va til kurslari (1993), Sarrey universiteti (1995), Malayziya diplomatiya va tashqi aloqalar instituti (1994) bitiruvchisi ham.

O‘z faoliyatini 1992 yilda Toshkent avtomobil va yo‘llar institutida stajyor-izlanuvchi sifatida boshlagan. 1993 yildan 2013 yilgacha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik missiyalari tarkibida turli lavozimlarda ishlagan. Xususan, 2003 yildan 2013 yilgacha O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasida 1-kotib, vakolatxona rahbari vazifasini bajarib kelgan.

2014 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining Inson huquqlari bo‘yicha xalkaro hamkorlik bo‘limi mudiri etib tayinlandi. Keyinchalik «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i, 2016−2018 yillarda esa Tashqi ishlar vazirligi Yevropa mamlakatlari va NATO bilan hamkorlik boshqarmasi birinchi kotibi, Yevropa Ittifoqi va NATO tuzilmalari bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi vazifalarida faoliyat olib borgan.

Prezidentning 27 noyabrdagi TSV faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan edi. Vazirning yangi joriy etilayotgan o‘rinbosariga O‘zbekistonning JSTga bo‘lishi bo‘yicha muzokara guruhi rahbari tashqi savdoda bojxona va tariflarni tartibga solish, importni optimallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish va eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish vazifalari yuklatilgan.