O‘zbekistonda Niderlandiya agrotexnologiyalar markazini ochish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi. Markaz tashkil etish loyihasi 17 dekabr kuni O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov va Niderlandiya Iqtisodiyot vazirligi vakillarining Maasluisdagi golland Lely kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ko‘rib chiqildi.

Tashkil etilajak markazda yerga ishlov berish, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi, chorvachilik, go‘ngni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va tayyor sut mahsulotlarini (golland pishlog‘i) tayyorlash bo‘yicha golland texnologiyalaridan foydalaniladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 2019 yil boshida loyihani amalga oshirishni boshlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Yanvar-fevralda O‘zbekistonga loyihani amalga oshiruvchi konsorsium tarkibiga kiruvchi kompaniyalar rahbarlarining tashrif buyurishi rejalashtirilmoqda.