Qoraqalpog‘iston Respublikasida Orol dengizi tubidagi suvi qurigan maydonlarda «Yashil qoplamalar» himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlariga kirishildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yillar davomida Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rhoklikka chidamli o‘simliklardan iborat 490 ming gektarga yaqin butazorlar barpo etildi.

Ushbu ishlarning tizimli davomi sifatida Orol dengizi tubidagi suvi qurigan maydonlarda shamol ta’sirida yuzaga keladigan kuchli qum, tuz va chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish, qum ko‘chishini bartaraf etish, mintaqada ekologik holatni yaxshilash maqsadida 2019−2021 yillarda jami 500 ming gektar, shundan 2019 yilda 100 ming, 2020 yilda 160 ming, 2021 yilda 240 ming gektar «Yashil qoplamalar» himoya o‘rmonzorlarini barpo etish belgilangan.

Hozirda ushbu tadbirga saksovul o‘simligini ekish uchun 200 taga yaqin har xil turdagi texnika, transport va mexanizmlar, shuningdek, 2000 nafarga yaqin o‘rmon xo‘jaligi va boshqa ixtisoslashgan xodimlar jalb etilmoqda.

Ular 2 ta yo‘nalish bo‘yicha, jumladan Qorao‘zak tumanidan «Aqpetkey» hamda Mo‘ynoq tumanidan «Surgul-Axantay» Orolning qurib qolgan hududlarida ekish ishlariga kirishilmoqda.