O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 18 dekabr kuni «Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaror qabul qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qaror bilan bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha nizomlar tasdiqlandi.

Ta’kidlash joizki, bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni tashqi iqtisodiy faoliyat va tovarlar yetkazish jarayonidagi muhim vositalardan biri hisoblanadi.

Mazkur vositalarning yanada takomillashtirilishi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bojxona jarayonlarining tezkorligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ayni paytda respublikada 330 dan ortiq bojxona omborlari va erkin omborlar bor. Aksariyati, zamonaviy, tegishli uskunalar bilan jihozlangan, katta hajmli hisoblansa, qolganlari orasida unchalik katta bo‘lmagan, boz ustiga tovarlarni to‘g‘ri saqlanishini ta’minlay olmayotganlari ham bor. Bundan tashqari O‘zbekistonda 6 ta boj olinmaydigan savdo do‘konlari faoliyat yuritmoqda.

Endilikda bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyati uchun litsenziyalarni rasmiylashtirish elektron shaklda «Litsenziya» axborot tizimlari kompleksi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, litsenziyalar cheklanmagan muddatga beriladi.

Litsenziya olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar soni ham sezilarli ravishda qisqartirildi. Masalan, davlat yong‘in xavfsizligi va sanitariya nazorati idoralar xulosasi, bojxona omborlarida saqlanishi lozim bo‘lgan tovarlar ro‘yxati, bojxona omborining turi (ochiq yoki yopiq) haqidagi ma’lumot va boshqalar endilikda talab qilinmaydi.

Aslida bojxona omborlari faoliyatining takomillashuvida ularning logistika markazlari va transport magistrallariga yaqin hududda joylashuvi muhim rol o‘ynaydi. Ammo, qonunchiligimizda bojxona omborlarining joylashuviga doir aniq talablar mavjud bo‘lmagani sababli, hozirda ularning bir qismi nisbatan zich bo‘lgan aholi punktlariga yaqin joylashgan.

Qaror bilan endilikda bojxona omborlarining transport magistrallari va logistika markazlarigacha bo‘lgan maksimal masofasi 3 km qilib belgilandi.

Omborlarni zamonaviy texnologiya va jihozlar bilan jihozlash masalasi ham dolzarb hisoblanadi. Vaholanki, hozirda omborlardagi mavjud jihozlar asosan faqatgina o‘lchash va yong‘inga qarshi vositalardan iborat bo‘lib qolgan, xolos.

Omborlar faoliyatiga avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining joriy etilishi, omborlarning bojxona idoralari bilan axborot almashinish uchun videokuzatuv tizimi hamda optik tolali aloqa tarmog‘i bilan ta’minlanishi texnologik jarayonlarni masofadan turib samarali nazorat qilish imkonini beradi.

Bojxona omborlarida endi hududi 40 m² dan kam bo‘lmagan kamida 1 ta yopiq ko‘rik maydonchasi ham bo‘lishi talab etiladi. Bojxona omborida tovarlarni ortilishi, tushirilishi va qayta yuklanishi faqatgina ko‘rik maydonchasida amalga oshiriladi.

Shuningdek, bojxona omborlari inshootlarining bojxona rejimlaridan kelib chiqib zonalarga ajratilishi, inshootlarning ikkita qulf bilan qulflanishi, kabi talablar ham bekor qilindi. Bojxona omborlari kamida 2 metr balandlikda to‘siq bilan o‘ralishi lozim.

Boj olinmaydigan savdo do‘koni esa O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini kesib o‘tadigan jismoniy shaxslar uchun xalqaro aloqa uchun ochilgan aeroportlarda, portlarda va jismoniy shaxslar tomonidan chegarani kesib o‘tishga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali boshqa o‘tkazish punktlarida ochilishi va faoliyat ko‘rsatishi mumkin.

Endilikda bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘konlarirda videokuzatuv tizimi orqali yozib olingan tasvirlarni 3 oygacha saqlanishi talab etiladi.