Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 dekabrdagi 1022-son qarori bilan O‘zbekiston hududi orqali tranzit o‘tishga doir ayrim qoidalarga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Avtomobilda yuk tashuvchilarning tranzit harakatlanishi: ko‘proq vaqt berildi, yangi yo‘nalishlar «ochildi»

Tranzit transport vositalari O‘zbekistonga kirgan kunidan boshlab chiqib ketishi kerak bo‘lgan muddat 5 kungacha (ilgari 3 kundan ortiq bo‘lmagan muddatni tashkil etardi) uzaytirildi.

Bundan tashqari, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit harakat qilishi uchun mo‘ljallangan 47 ta yangi yo‘nalish ochildi. Ularning aksariyati Tojikiston (18 ta yo‘nalish) va Turkmaniston (12 ta yo‘nalish) chegarasidan kirish qismida joylashgan.

Endi xorijiy avtotransportdan tovarlarni milliy tashuvchilarning avtotransportiga belgilangan tranzit yo‘nalishlariga kirmaydigan joylarda joylashgan bojxona omborlarida bojxona nazorati ostida qayta yuklashga ham ruxsat beriladi.

Xorijiy avtohavaskorlarning O‘zbekiston orqali o‘tishlari osonlashdi

Umumiy qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston hududi orqali avtotransportda tranzit o‘tuvchi xorijiy fuqarolar faqat xalqaro avtomobil qatnovi uchun ochiq bo‘lgan yo‘llar va yo‘nalish varaqasida ko‘rsatilgan yo‘nalish bo‘yicha yurishlari mumkin.

Unga istisno kiritildi. Endi ushbu cheklov O‘zbekiston chegaralari orqali safar yo‘nalishi qayd etilgan avtotransportda (tunash uchun qayta butlangan yer usti avtotransportida) turistik (notijorat) maqsadlarda tranzit o‘tayotgan chet el fuqarolariga tatbiq etilmaydi.

Maxsus yuklar tranzitiga tezroq ruxsat beriladi

O‘zbekiston hududi orqali maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranzitiga ruxsatnomalar berish jarayoni tezlashtirildi. Ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish, shu jumladan hujjatning o‘zini berish to‘g‘risida qaror qabul qilishning umumiy muddati ariza va barcha hujjatlar olingan kundan boshlab 20 kundan (ilgari — 30 kundan) oshmasligi kerak. Tegishlicha, ushbu tartib-taomilning ayrim bosqichlaridagi muddatlar ham qisqartirildi. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish (1 marta ruxsat beriladi, tahr.) ham tez amalga oshiriladi.

Endi ruxsatnoma roppa-rosa 3 oy amal qiladi. Oldingi formulirovka («o‘ttiz kundan oshmasligi kerak», tahr.) hujjatni kamroq muddatga berish mumkinligini anglatar edi. Mudofaa vaziri bo‘lmagan taqdirda esa ruxsatnomani uning birinchi o‘rinbosari imzolashi mumkin.