17 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida mojarolarga barham berish bo‘yicha kun tartibi bandi doirasida Qrimni militarizatsiyalash, shuningdek Qora va Azov dengizlari hududlari to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur qarorga javob tariqasida Rossiya vakili «Qrimning tegishlilik masalasi uzil-kesil va tamomila hal etilgani"ni ma’lum qildi, deya xabar berdi BMT Yangiliklar markazi.

Qrimni militarizatsiyalash (harbiylashtirish) hamda Qora va Azov dengizlari hududlari to‘g‘risidagi rezolyutsiya Ukraina delegatsiyasi tomonidan boshqa 40 ta davlat hammuallifligida ko‘rib chiqish uchun kiritilgan edi. Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa rezolyutsiyani taqdim etar ekan, barcha davlatlarni rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlash, Rossiyani esa Qora dengizda egallangan uch kema va ularning 24 nafar ekipaj a’zolarini ozod qilishga chaqirdi.

Rezolyutsiyada Rossiya qo‘shinlarining Qrimda mavjud bo‘lishi Ukraina milliy suvereniteti, siyosiy mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga zid ekani hamda qo‘shni mamlakatlar va Yevropa mintaqasi xavfsizligi va barqarorligiga raxna solishi" ta’kidlanadi. Unda «Rossiya Federatsiyasining bosib oluvchi mamlakat sifatida Qrimni harbiylashtirishni kuchaytirayotgani munosabati bilan» jiddiy xavotirlar aks ettirilgan.

Mualliflar Qora dengizda qarama-qarshilikning zo‘rayib borayotgani hamda Rossiya tomonidan Ukrainaga nisbatan kuch ishlatilishi, jumladan 25 noyabr kuni Ukraina Harbiy-dengiz kuchlariga oid uch kemaning egallanishini oqlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

BMT Bosh Assambleyasi Rossiyani kemalarni hamda ularning ekipajlari va uskunalarini shartlarsiz, zudlik bilan ozod qilish, shuningdek Ukrainaning Qora va Azov dengizlari, Kerch bo‘g‘ozidagi navigatsion huquq va erkinliklariga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirdi. Hujjatda Rossiyaning Kerch bo‘g‘ozi orqali «Rossiya Federatsiyasi va vaqtincha bosib olingan Qrim o‘rtasida» ko‘prik qurayotgani ham qoralangan.

«Bosh Assambleya Rossiya Federatsiyasini bosib oluvchi mamlakat sifatida o‘z qurolli kuchlarini Qrimdan olib chiqib ketish va Ukraina hududini vaqtincha istilo qilishga barham berishga chaqiradi», — deyiladi qabul qilingan rezolyutsiyada.

Uni 66 mamlakat qo‘llab-quvvatladi, 19 davlat qarshi chiqdi. 72 delegatsiya ovoz berishdan tiyildi. Qarshi ovoz bergan davlatlar qatorida Armaniston, Belarus va O‘zbekiston ham bor. Qozog‘iston va Qirg‘iziston delegatsiyasi ovoz berishdan tiyilgan bo‘lsa, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston vakillari ishtirok etmadi.