O‘shda bosh vazirlar Abdulla Aripov va Muhammedkaliy Abilgaziyev ishtirokida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati.

Majlis yakunlari bo‘yicha hukumat rahbarlari savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladi. Ushbu yo‘l xaritasida savdo, sanoatda qo‘shma kooperatsiyalar, karantin va veterinariya sohasida hamkorlik, bojxona jarayonlarini soddalashtirish va banklararo hamkorlik masalalari bo‘yicha hamkorlik odimlari va muddatlari o‘z aksini topgan.

«Bizning fikrimizcha, mintaqa davlatlar savdo-iqtisodiy, investitsion, transport va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini faollashtirishi lozim», — dedi Qirg‘iziston bosh vaziri.

U o‘zbekistonlik hamkasbiga yuk tashuvchilar uchun to‘lovlarni bekor qilishni taklif qildi. «Bu, so‘zsiz, o‘zaro yuk tashuvlari sonini oshirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasini yuksaltirishga xizmat qiladi», — dedi Muhammedkaliy Abilgaziyev.

Abdulla Aripov O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan o‘zaro aloqalarini va o‘zaro manfaatli sherikchilikni rivojlantirish tarafdori ekanini tasdiqladi.

«Tor doiradagi muzokaralar natijalari shuni ko‘rsatdiki, ikki tomon ham istasa, o‘zaro hal etilmaydigan masalalarning bo‘lishi mumkin emas», — dedi o‘zbek hukumati rahbari.

Majlis chog‘ida hududlararo hamkorlik, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish va davlat chegaralari uchastkalarini kesib o‘tish sharoitlarini yaxshilash kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.