O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga 45 gektarga yaqin yer maydoni ajratildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

Orol dengizining qurib qolgan qismidagi sho‘rlangan yerlarda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar ko‘lamini kengaytirish, ekotizimni yaxshilash hamda munosib hayot faoliyatini ta’minlash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish maqsadida tashkillashtirilgan Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jumladan, markazning ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va tajriba dalalarini tashkil etish uchun Nukus tumani, «Samanbay» ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 24,3 gektar, shuningdek, Orolbo‘yi hududiga moslashgan o‘simliklar urug‘chiligini va ko‘chatzorlarni tashkil etish uchun Mo‘ynoq tumani «Tik-o‘zak» ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 20,3 gektar yer maydonlari ajratildi.

Mazkur tajriba dalalarida urug‘chilikni va ko‘chatzorlarni tashkil etish 2019 yildan boshlab amalga oshirish belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.