Farg‘ona viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qurol-aslaha, o‘q-dori va portlovchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha keng jamoatchilik bilan o‘tkazilgan profilaktik va targ‘ibot-tashviqot ogohlantiruv chora-tadbirlari natijasida, bir qator fuqarolar o‘z ixtiyorlari bilan o‘zlarida saqlanayotgan qurollarni topshirdilar. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Buvayda tumanida yashovchi I.Hakimov «IJ» rusumli 16 kalibrli o‘q otar qurolni o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar bo‘limiga topshirdi. Beshariq tumanida ham 4 nafar fuqaro ham uylarida saqlanayotgan qurol bo‘yicha IIBga murojaat qildi. Xususan, S. Xolmatov uyidan 1 dona ov qurolini topib olgan. Noqonuniy qurol saqlash jinoyat ekanini yaxshi bilgan fuqaro bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ma’lum qildi va qurolni topshirdi.

Biroq, olib borilayotgan profilaktik tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda o‘zlarida saqlanayotgan qurol-aslaha, o‘q-dori va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda topshirmaslik holatlari ham aniqlanmoqda.

Farg‘ona tumanida yashovchi R.Ergashevning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, bir dona o‘q otar ov quroli hamda 100 gramm porox borligi aniqlandi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.