O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish to‘g‘risidagi nizom loyihasini e’lon qildi. Mazkur nizom boshqa operatorga o‘tishda mobil aloqasi abonenti telefon raqamini saqlash imkoniyatini yaratadi.

Hujjatda raqamni ko‘chirish, telekommunikatsiya operatorlari o‘rtasida o‘zaro aloqalar va o‘zaro hisob-kitoblarni olib borish tartiblari belgilab berildi.

Mobil aloqa operatorlari abonent raqamini ko‘chirish bo‘yicha xizmatlarni pulli asosda amalga oshirishi kutilmoqda. Bunda operatorni 180 kun ichida bir marta almashtirishga ruxsat berish mo‘ljallanmoqda.

Raqamni almashtirish arizasi mijozlarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi orqali yoki elektron shaklda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ko‘chirish bir ish kunini (to‘qqiz ish soati) talab qiladi.

Faqatgina mobil aloqa operatorlari uchun ajratilgan raqamlarni ko‘chirish mumkin. Nizom loyihasi shahar (simli) telefon aloqa raqamini mobil yoki aksincha ko‘chirishni taqiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, raqamni ko‘chirish xizmatini joriy etish prezidentning may oyidagi qarori bilan tasdiqlangan 2018−2021 yillarda O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish dasturida ko‘zda tutilgan edi.