Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Italiyaning «Yuventus» klubining brendni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Karolina Kiappero boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirdik matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan Italiya futbol klubi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar jarayonida Turin politexnika universiteti kampusi bazasida «Yuventus akademiyasi"ni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham tomonlar O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish, yangi tashkil etilayotgan akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

«Yuventus» klubining brendni boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Karolina Kiappero O‘zbekistonda akademiyani tashkil etishdan maqsad faqatgina uning o‘quvchilarini tayyorlash emas, balki o‘zbek yoshlariga futbol bilan professional tarzda shug‘ullanish imkoniyatini yaratish ekanligini ma’lum qildi.

Bugungi kunga kelib «Yuventus akademiyasi» loyihasi Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asida joylashgan 49 ta mamlakatda amalga oshirilib, 100 dan ortiq hududni va 15000 nafardan ortiq bolalarni qamrab olgan.