17 dekabr kuni SOLA brendi ostida Wi-Fi telekommunikatsion operatorini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi loyihani amalga oshirayotgan Asia Wireless Group kompaniyasi vakili.

«Toshkent internetga simsiz keng polosali kirish umumshahar tarmog‘i mavjud Markaziy Osiyodagi birinchi shaharga aylandi», — deyiladi press-relizda.

Hozirda O‘zbekiston poytaxtida 1200 ta Wi-Fi nuqtalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bahorga qadar poytaxtdagi bu kabi nuqtalar sonini 5000 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.

SOLA tizimida internetga pulli va pulsiz asosda kirish mumkin. Bepul kirish uchun avval reklama roligini tomosha qilish lozim. Pulli tariflarda abonent kunlik, haftalik yoki oylik obuna bilan tuganmas internetdan foydalana oladi.

Xabarda qayd etilishicha, foydalanuvchi tarmoqqa to‘rtta tugma orqali ulana oladi. To‘lovlar Paynet, Click, UzCard va PayMe to‘lov tizimlari orqali qabul qilinadi. Kelgusida Asia Wireless Group Visa, Mastercard va Unionpay xalqaro kartalari orqali ham to‘lovlarni qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Asia Wireless Group bosh direktori Bekzod Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, SOLA tarmog‘i Toshkentning Janubiy va Shimoliy vokzal, Megaplanet, Parus, Samarqand Darvoza va VegaCentre savdo markazlari, «Chilonzor», «Qatortol», Yunusobod", «Mirobod» va «Parkent» bozorlari hududlarida mavjud.

Yaqin kelajakda Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Buxoro, Navoiy, Urganch va Qarshi kabi shaharlarda 45 mingta nuqta tashkil etish rejalashtirilgan.